O‘zbekiston va Tojikiston oktabr oyi o‘rtalarida Dushanbe va Toshkent o‘rtasida aviaqatnovlarni 1-noyabrdan tiklash masalasini muhokama qilgandi, keyinchalik bu muddat 1-dekabrgacha deb belgilandi. Endi esa yangi muddat — 2021-yil 1-yanvar ko‘rib chiqilmoqda, deb xabar bermoqda Asia-Plus, Tojikiston hukumatidagi manbalariga tayanib.
Qayd etilishicha, har ikkala davlatdagi koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan murakkab epidemiologik vaziyat hukumatga bu masalada tezkor va yakuniy qarorga kelishga imkon bermayapti.
Mavzuga doir: Tojikiston Dushanbe va Toshkent o‘rtasidagi aviaqatnovlarni tiklash masalasini ko‘rib chiqmoqda
“Tegishli qaror o‘zbekistonlik hamkasblarda ham bor, lekin aviaaloqalar boshlanishi aniq sanasi hozircha noma’lum. Parvozlardan avval barcha jabhalar — qaysi aviakompaniyalar uchadi, qanday jadval bo‘yicha, pandemiya bilan bog‘liq masalalarni aniqlashtirish lozim”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, ushbu va boshqa masalalarni muhokama qilish uchun yaqin kunlarda Tojikiston va O‘zbekiston aviatsiya rahbarlari onlayn uchrashuvi tashkil etilishi, unda Toshkent—Dushanbe—Toshkent yo‘nalishida dastlabki reys sanasi va jadvali tasdiqlanishi ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 1-oktabrdan boshlab barcha davlatlar, jumladan, Tojikiston uchun chegarlarini ochgan: bunda mamlakatlar cheklovlarga qarab guruhlarga ajratilgan.
Izoh (0)