Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘da Rossiya uchun bevosita xavf soluvchi Suriya terrorchilik guruhlari jangarilari bo‘lganligi uchun Moskva u yerda aksilterrorchilik operatsiyalarini o‘tkazish uchun asosga ega ekanligini aytdi. Bu haqda u “TASS” agentligiga bergan intervyusida aytib o‘tdi, deb yozadi Tengrinews.

Foto: Reuters

Nizo hududiga Yaqin Sharq, xususan, Suriya va Liviyadan jangarilarning ko‘chirib o‘tkazilgani haqidagi xabarlarga izoh berar ekan, Pashinyan ushbu elementlar Rossiya hududiga sizib o‘tishiga ishonch bildirdi.

“Men uchun shu narsa aniq-ravshanki, Tog‘li Qorabog‘da tor-mor qilingan guruhlarning bir qismi yoki ulardan alohida shaxslar shunchaki Rossiyaga ko‘chirilmoqda,chunki, ular Rossiyani xuddi Tog‘li Qorabog‘ yoki Armaniston kabi dushman deb biladi. Masala bu jarayon qanday davom etishida. Rossiya bu barcha elementlar uning hududida tarqalishini va u yerda rossiyaliklar aksilterrorchilik kampaniyasini yoki aksilterrorchilik harakatlarini olib borishini kutadimi? Men bilmayman, balki Rossiya hukumatida yoki maxsus xizmatlarida aksilterrorchilik operatsiyasini o‘z joyida, Tog‘li Qorabog‘dayoq o‘tkazish mumkinligi muhokama qilinayotgandir”, — dedi Pashinyan.

Armaniston bosh vaziri eslatishicha, Moskva “suriyalik jangarilar va terrorchilar xatti-harakatlari uning milliy xavfsizligiga bevosita xavf solgani uchun Rossiyadan ancha uzoqda bo‘lgan Suriyada aksilterrorchilik harakatlarini olib borgan edi”.

Endi esa uning so‘zlariga ko‘ra, jangarilar Rossiya chegarasiga yaqinroq turibdi. “Bu endi umuman boshqacha vaziyat, o‘ylaymanki, Rossiyada ushbu vaziyatga javob ko‘rsatish uchun qonuniy huquq va asoslar bor”, — dedi bosh vazir.

Avvalroq Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Tog‘li Qorabog‘dagi mojaro bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qilgandi.