Qashqadaryo viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga yangi rahbar tayinlandi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Ahror Sodiqov ma’lum qildi.
Xabar berilishicha, xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov 2020-yilning 19-oktabr kuni viloyatda bo‘lib, xalq ta’limi mas’ullari bilan yig‘ilish o‘tkazgan. Yig‘ilishda 2020-yilning mart oyidan buyon boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Abdug‘ani Himmatov o‘rniga Farhod Ochilov tayinlangan.
Qayd etilishicha, Farhod Ochilov boshqarmaga rahbar etib tayinlanguniga qadar, “Yuksalish” umummilliy harakatining viloyat bo‘linmasi rahbari lavozimida ishlab kelgan.
Ahror Sodiqovning qo‘shimcha qilishicha, viloyat hokimi Zoir Mirzayev ishtirokidagi yig‘ilishda boshqarma boshlig‘i Farhod Ochilov jamoatchilikka tanishtirilib, Qarshi shahar xalq ta’limi bo‘limiga tayinlangan yangi rahbar haqida ham ma’lumot berilgan.
Qarshi shahar xalq ta’limi bo‘limining ijtimoiy fanlar uslubchisi lavozimida ishlab kelgan Nargiza Samadova endilikda Qarshi shahar xalq ta’limi bo‘limini boshqarishi aytilgan.
Qarshi shahar xalq ta’limi bo‘limi rahbarligidan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan Abdug‘ani Himmatov Dehqonobod tuman xalq ta’limi bo‘limi rahbari lavozimida ishlagan kezlarda katta miqdorda kamomad qilishda ayblanib, tergovga jalb qilingan. Viloyat prokuraturasining aniqlik kiritishicha, tergov yakunlangach Abdug‘ani Himmatov nimada ayblangani ochiqlanadi.
Izoh (0)