1756–1763-yillarda Yevropa va Amerika qit’alarida yuzaga kelgan Yetti yillik urush butun dunyoni larzaga solgan qonli qatliomlardan biri sifatida tarixda qoldi. Bu ixtilof doirasida rus armiyasi ilk bor Berlinni egallagan edi. “Daryo” jang tafsilotlari haqida hikoya qiladi.
1754-yilda Buyuk Britaniya koloniyasi bo‘lgan Amerikaning Buyuk ko‘llar hududi va Luiziana shtatida ingliz va fransuz askarlari jangga kirdi. Bir qarashda uzoqdagi urushning Yevropa qit’asiga ta’siri yo‘qdek ko‘rinsa-da, aynan shu urush Yevropa qit’asida manfaatlar qarama-qarshiligini yanada ziddiyatlashtirib yubordi. Aynan shu paytda Avstriya va Prussiyaning ham munosabatlari yomonlashib turgan vaqt edi. Avstriya imperiyasi 1740–1748-yillardagi mag‘lubiyat uchun revanshni istayotgan bo‘lsa, Prussiya Markaziy Yevropada o‘z ustunligini tasdiqlashga intilardi.
Vena Prussiyaning gegemonlikka intilishidan xavotirga tushib, azaliy dushmani Fransiyadan yordam olishga qaror qildi. 1756-yilda Versalda Fransiya va Avstriya o‘rtasida ittifoqchilik haqida bitim imzolandi. London esa Avstriya va Fransiyaning mazkur ittifoqidan g‘azablandi, chunki fransuzlar bilan ittifoqqacha Avstriya Britaniyaning Yevropadagi “yollanma askari” sanalardi. Ittifoq esa Britaniya tarafidan xiyonatday baholandi. G‘azab otiga mingan Britaniya “Rubikon kechuvi”dan o‘tishga va Prussiya bilan harbiy ittifoq tuzishga qaror qildi. Bu esa tez orada Yevropa qit’asida urushning yuzaga kelishiga olib keldi.
Xalqaro munosabatlar tarixida mazkur voqea “ittifoqchilar inqilobi” sifatida qoldi. Yetti yillik urushning yana bir e’tiborli jihati Rossiyaning ishtiroki edi. Rossiya imperiyasi ham, o‘z navbatida, Prussiyaning kuchayib borayotganidan xavotirlanardi, chunki kuchli Prussiya Rossiya imperiyasining Boltiqbo‘yidagi hududlariga xavf solardi. Ustiga ustak Rossiya ham o‘z qudratini Yevropaga ko‘rsatib qo‘yishga urinayotgandi. Aynan Rossiya mazkur urush davomida Prussiya poytaxti Berlinni taslim qilishga muvaffaq bo‘ldi.
Yetti yillik urushda bir tarafda Prussiya, Buyuk Britaniya, Portugaliya ittifoqi Avstriya, Shvetsiya, Rossiya, Saksoniya va Ispaniyaga qarshi jangga kirdi. Prussiya qiroli Fridrix II 1756-yilning 28-avgust sanasida birinchi bo‘lib Saksoniyaga qarshi hujum boshlaydi va Saksoniyani egallab oldi. Rossiya imperiyasi esa Saksoniya va Fransiya oldidagi majburiyatlarini bajarish uchun Prussiyaga qarshi jangga kirdi.
Prussiyaning Saksoniyaga qarshi jangidan Fridrix II quyidagi maqsadlarni ko‘zlagan edi: birinchidan, Saksoniya hududi orqali Avstriyaning Bogemiya va Moraviya hududlariga osonlik bilan kirib borishni va Elba hamda Odra daryosi orqali prus qo‘shinlarining harbiy ta’minotini ta’minlash, ikkinchidan, urushni dushman hududida olib borish orqali dushmanni tavbasiga tayantirish, uchinchidan, mitti Saksoniyadan bor daromadini yulib olish. Fridrix II o‘z maqsadiga erishdi. Prus qo‘shinlari Saksoniyani shu darajada talaydiki, hozirga qadar ayrim saksoniyaliklar Berlin va Brandenburg aholisini unchalik ham xushlamasliklari bilinib qoldi.
1760-yilda rus harbiylari Berlin ekspeditsiyasi deb nomlangan harbiy amaliyotni boshlaydi. Prussiya poytaxtini ishg‘ol qilish uchun general-mayor Totleben va general-poruchik Chernishevning qo‘l ostidagi harbiy qismga jangovar vazifa yuklandi. 2-oktabr sanasida Totleben Vusterxauzenga keldi va Berlinda 1 200 nafar prus harbiylari shaharni himoya qilayotganiga guvoh bo‘ldi. Mudofaa esa o‘ta mustahkamlangandi.
Totleben jangga kirmay, Chernishev kelgunga qadar jangni kechiktirib turishga qaror qildi. Bu orada Fridrix II dushman qo‘shinining ko‘pligi sababli Berlinda basharti shahar dushman qo‘l ostiga o‘tadigan bo‘lsa, degan xayol bilan ozgina qo‘shinini qoldirib, Shpandauga juftakni rostlagan edi. 3-oktabr sanasida Totleben qo‘shini Berlinni shturm qilishni boshlaydi. Uzoq janglardan so‘ng Berlin taslim bo‘ldi. 1760-yilning 9-oktabr sanasida general Totleben boshchiligidagi rus qo‘shinlari va avstriyaliklar Berlinni qo‘lga kiritib shaharga kirdi. Shahardagi qurol-yarog‘ omborlari qo‘lga kiritildi va omborxonalarga o‘t qo‘yildi. Shahar ahliga tovon to‘lash majburiyati yuklandi.
Bu orada Panin va Krasnoshokov qo‘mondonligi ostidagi kazak qo‘shinlari qochib ketayotgan dushmanni ta’qib qilishga tushdi. Ular prus aryergardini tor-mor qilib, mingdan ortiq askarni asirga oldi. Lekin tez orada Fridrix II katta qo‘shin bilan Berlinga kelayotganini eshitgan rus qo‘shinlari va avstriyaliklar o‘z qo‘shinlarini Berlindan olib chiqib ketdi.
Berlinning ishg‘ol qilinishi “Yetti yillik urush”ning tugashini bildirmagan bo‘lsa-da, Prussiya poytaxtining taslim bo‘lishi katta ramziy ahamiyatga ega edi. Shahar hokimiyati tomonidan rus generaliga taqdim qilingan shahar kaliti hozirga qadar Peterburgdagi Qozon soborida saqlab kelinadi.
1761-yilning 25-dekabrida Rossiya imperatori Yelizaveta Petrovna vafot etdi va taxtga Pyotr III o‘tirdi. Pyotr Fridrix II ning haqiqiy ishqibozi bo‘lgani sabab darhol Fridrix II bilan tinchlik bitimi imzolashga kirishdi. Rossiya Prussiyaning bosib olgan hududlarini Fridrix II ga qaytarib berish bilan birga, barcha tovon pullaridan voz kechdi. Bu esa Prussiyaning bir qarich yerini ham boy bermasdan kelajakda urushni yakunlashiga katta yordam berdi. 1763-yilning 15-fevral sanasida Prussiya, Avstriya va Saksoniya o‘rtasida Gubertusburg tinchlik shartnomasi imzolanishi bilan yetti yil davom etgan urushga nuqta qo‘yildi.
Jahongir Ergashev tayyorladi.
Izoh (0)