Venesuela prezidenti Nikolas Maduro koronavirusga chalingan AQSh rahbari Donald Trampga sog‘ayishni tiladi. Bu haqda Maduroning o‘zi ma’lum qildi, deb yozadi “RIA Novosti”.
“Biz biror kishi ham kasallanishini xohlamaymiz, biz AQSh prezidentiga odamgarchilik yuzasidan birdamlik bildirib qolamiz, u Venesuela dushmani bo‘lsa-da, sog‘ayib ketishini istaymiz”, — dedi Maduro Twitter orqali translyatsiya qilingan sog‘liqni saqlash bo‘yicha yig‘ilishda.
Ma’lumot uchun, Donald Tramp koronavirus infeksiyasidan “Deksametazon” steroid preparatini qo‘llagan holda davolanmoqda. U og‘ir holatdagi bemorlarga beriladigan doridir.
Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp va uning rafiqasi Melaniyada 2-oktabr kuni koronavirusga topshirgan test javobi ijobiy chiqqan. Hozirda u Uolter Rid nomidagi milliy harbiy-tibbiy markaz (Merilend shtati, Betesda shahrida joylashgan)da davolanmoqda.
Avvalroq, AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z tarafdorlari bilan uchrashish uchun biroz vaqtga shifoxonani tark etgani xabar berilgan edi.
Shuningdek, AQSh prezidenti Donald Tramp koronavirusga topshirgan birinchi testining javobi ijobiy chiqqanini yashirgani ma’lum bo‘ldi.
Izoh (0)