Yuksak pardada kuylangan qo‘shiqning “Kim yurtidan yovni quvsa mendirman o‘sha” naqaroti bobolar jasoratidan beixtiyor ko‘ngilni g‘ururga to‘ldiradi. Ushbu uchqur satrlar XX asr o‘zbek she’riyati chinorlaridan bo‘lgan Maqsud Shayxzodaning “Jaloliddin Manguberdi” fojiasidan olinganini ko‘pchilik bilmasa kerak.
Qarangki, bu shijoat bag‘ishlovchi misralar ijodkorlar ongiga yozilib qolgan ekanmi, Jaloliddin Manguberdi to‘g‘risidagi yangi serialning nomi ham “Mendirman Jaloliddin” deb atalibdi. Bu haqda Tashkent City’da “Mendirman Jaloliddin” tarixiy serialining birinchi qismi taqdimotida bildik. Taqdimotda prezident maslahatchisidan tortib, Turkiya elchisigacha qatnashdi.
Serialda Javohir Zokirov Chingizxon, Emre Kiviljim Jaloliddin Manguberdi, Gulenay Kalkan Turkon Xotun, Kaan Yalchin Sulton Alovuddin Muhammad, Sezgin Erdemir Temur Malik, Ra’no Shodiyeva Xorazshoh Alovuddin Muhammadning xotini Oychechak, Rayhon Ulasenova Alovuddin Muhammadning xotini, O‘zloqshoh va Oqshohning onasi, Feruza Normatova O‘tror hokimi Inolxonning qizi, Boyir Xolmirzayev Najmiddin Kubro, Tohir Saidov bosh vazir Nizomul mulk rollarini ijro etgan.
Serial uchun 1 200 nafar ishchi-xizmatchining mehnati bilan 3 500 kvadrat metr maydonda balandligi 5,5 metr bo‘lgan ikki qavatli Xorazmshoh saroyi qurilgan. Film g‘oyasi muallifi hamda bosh prodyuser O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovdir. Serialning birinchi fasli 13 qismdan iborat. Keng jamoatchilik uchun premyera 2021-yilning yanvar oyidan boshlanadi.
* * *
Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesining rahbari Musa Yerniyazov shu yilning 31-iyulida vafot etgani sababli uning o‘rniga hanuz rahbar tayinlanmagan edi. Bu hafta Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesining 2-oktabr kuni bo‘lgan navbatdan tashqari 8-sessiyasida Murat Kamalov Qoraqalpog‘istonning yangi rahbari etib saylandi. Respublika Konstitutsiyasiga muvofiq, bu Qoraqalpog‘istondagi eng yuqori lavozimdir.
Murat Kamalov DXX va boshqa sohalarda ishlagan. U Qoraqalpog‘istonni 21 yil boshqargan Qallibek Kamalovning o‘g‘lidir. Kamalovlar oilasi Sharof Rashidov bilan quda bo‘lgan.
* * *
Agar bu hafta oziq-ovqat xarid qilgan bo‘lsangiz, navbatdagi yangiligimizdan xabardorsiz: narxlar oshdi. Xususan, kungaboqar yog‘ining chakana narxi sentabr oyining boshiga nisbatan 11 500 so‘mdan 15 000 so‘mga (o‘sish 30 foiz), shakar narxi 6 000 so‘mdan 7 000 so‘mga (o‘sish 15 foiz) hamda parranda tuxumi narxi ming so‘mdan 1 300 so‘mga (o‘sish 30 foiz) oshgani kuzatildi.
Buning sabablarini quyidagi maqolada o‘qing:
Darvoqe, osh narxida uncha o‘zgarish yo‘q. Davlat statistika qo‘mitasi doimiy vazifasi bo‘lmish osh monitoringini vaqtida o‘tkazib kelmoqda. Bu safargi tadqiqot eng arzon palov Qoraqalpog‘istonda, eng qimmati Buxoroda pishirilayotganini ko‘rsatdi.
Statistika qo‘mitasining keltirishicha, O‘zbekistonda sentabrda inflyatsiya ko‘rsatkichi 1,4% ni tashkil qildi. Yillik hisobda esa o‘sish sur’ati o‘rtacha 11,7% ni, 2020-yilning boshidan 6,3% ni tashkil qildi. O‘tgan yilning sentabrida inflyatsiya 1,3% bo‘lgan edi. Inflyatsiyaning o‘sishida oziq-ovqat mahsulotlari narxi qimmatlashishi (2,2%) asosiy omil bo‘lgan.
Sentabr oyida go‘sht, yog‘-moy, non mahsulotlari, tuxum narxlarining ko‘tarilishi, shuningdek, meva va sabzavotlar narxlarining mavsumiy o‘zgarishi inflyatsiyaga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
* * *
Namanganda o‘zini yoqib yuborgan ayol voqeasi barchani dahshatga soldi va aks-sadosi Senatgacha bordi.
29-sentabr kuni Namangan shahrida yoshovchi 35 yashar Gulandom Dadaboyeva ularni uydan chiqarish uchun kelgan MIB xodimlari oldida o‘ziga yonilg‘i sepib yoqib yuborgan. Voqeaning videosi internetda tarqalib ketgach, ko‘pchilik MIBchilarni qoraladi. Ma’lum bo‘lishicha, ayol firibgarlik qurboni bo‘lgan – uning onasiga uyni 13 ming dollarga aldab sotgan ayolga ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan, uyning asl egasi esa mulk o‘ziga qaytarilishi uchun sudga murojaat qilgan. Sud undiruvchi foydasiga javobgar va uning oila a’zolarini Namangan shahridagi xonadonlardan biridan majburiy tartibda ko‘chirish belgilangan. Chorasiz qolgan Dadaboyeva o‘ziga o‘t qo‘yib halok bo‘lgan. Fojia yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida qilgan chiqishida “bu holatni men mutlaqo qoralayman. Balkim bu o‘rinda ayol qaysidir ma’noda nohaqdir, Majburiy ijro byurosi to‘g‘ri talabni qo‘ygandir. Lekin shunda ham ayolning holatini tushunish mumkin edi. Oddiy gaplashganda ham kimdir charchab qolgan, kimdir asabiylashgan, kimdir o‘zini tutolmayotganini sezish mumkin. Bu ham ayb emas, uning salomatligida qandaydir muammo kuzatilayotgan bo‘lishi mumkin. Mana shunday holatda Majburiy ijro byurosi o‘zining ichki qarori bilan ijroni ma’lum bir muddat keyinroqqa surishi, ayol o‘ziga kelgach, yaqinlari orqali tushuntirib, so‘ngra yana shug‘ullanishi mumkin edi. Bu holatda Majburiy ijro byurosining ham xatosi bor, degan xulosaga keldim”, dedi.
* * *
1-oktabr o‘qituvchi va murabbiylar kunidir. Ushbu bayram munosabati bilan imzolangan farmonga muvofiq, xalqning ozodligi va farovon hayotini ta’minlash yo‘lida fidokorlik ko‘rsatib, milliy ta’lim va tarbiya tizimini yaratishga beqiyos hissa qo‘shgan Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Shavkat Mirziyoyev shu kuni marosimda nutq so‘zlab maorif masalalariga alohida to‘xtaldi. Unda, xususan, “Uchinchi Renessans”ni amalga oshirishda yo‘l-yo‘riqlar, Qorako‘l litseyining qaddini ko‘targan mashhur pedagog To‘xtamurod Jumayev, jadid ma’rifatparvar ajdodlarimiz, ta’limdagi muammolar tilga olindi.
So‘nggi yillarda yaqin tariximiz kinolar mavzuiga aylandi. Yangi ishlangan “Ibrat” filmi 1-oktabrda ustozlar kuniga tuhfa sifatida kinoteatrlarda namoyish qilindi. Film shoir, tarjimon, tarixchi va tilshunos olim, jadid Ishoqxon Ibrat haqida bo‘lib, unda olimning mashaqqatga boy hayot yo‘li tasvirlangan. Ibrat o‘ndan ortiq Sharq va G‘arb davlatlarida bo‘lib, ularning tili va madaniyatini mukammal bilgan. Turkistonda dastlabki tovush metodiga asoslangan jadid maktablarining tashkilotchisi va targ‘ibotchisi sifatida e’tibor qozongan.
“Ibrat” filmini ko‘rishdan oldin taqrizni o‘qib chiqish foydadan xoli bo‘lmaydi:
Izoh (0)