Tabiat hamisha o‘z mo‘jizalari bilan insonlarni hayratga solib keladi. Sizni tanishtirmoqchi bo‘lganimiz ana shunday mo‘jizalardan yana biri AQShda joylashgan Yosemite milliy bog‘i hisoblanadi.
4-oktabr har yili ushbu maskan ochilgan kun sifatida nishonlab kelinadi. “Daryo” sana munosabati bilan bog‘ haqida ma’lumot hamda forojamlanma taqdim etadi.
Yosemite milliy bog‘i tarixi
Yosemite milliy bog‘i (Yosemite National Park) – AQShdagi eng go‘zal tabiatga ega qo‘riqxonalardan biri. U Kaliforniya shtatidagi Syerra-Nevada tog‘ massivida joylashgan. 1984-yildan beri YuNESKO uni himoyasiga olgan.Yosemite milliy bog‘i 3 026 km² maydonni egallaydi. Ushbu ulkan hududda sayyohlar beqiyos granit qoyalarni, ajoyib vodiylar va yaylovlarni, shaffof ko‘llar va daryolarni, sharsharalarni, shuningdek, hayvonlar va qushlar, o‘simliklarning ko‘plab turlarini uchratadi.
Bog‘ning tarixiga to‘xtaladigan bo‘lsak, apache qabilasi hindularining tilida “yosemite” so‘zi “grizli ayig‘i” degan ma’noni anglatadi.
Bog‘ning hozirgi go‘zalligi XIX asr o‘rtalarida kashf etildi. Bu noyob maydon ming yillar oldin ulkan kontinental muzlik ta’siri ostida paydo bo‘lgan deb qaraladi.
1850-yillarda Yosemite vodiysi juda mashhur dam olish maskaniga aylandi. 1890-yil oktabr oyida bog‘ milliy maqomga ega bo‘ldi. Keyinchalik Yosemite milliy bog‘i xususiy mulkdorlardan sotib olingan yerlar hisobiga bir necha bor kengaytirildi.
Iqlimi
Yosemite bog‘i O‘rta yer dengizi iqlim zonasida joylashgan. Bu shuni anglatadiki, yog‘ingarchilikning katta qismi qishda bo‘ladi, qolgan fasllar deyarli quruq kechadi. O‘rtacha kunlik harorat −3,9 dan 32,2 °C gacha o‘zgarib turadi va harorat pasayishi balandlik oshishi bilan boshlanadi. Yozdagi yuqori harorat, namlikning pastligi va chaqmoq sabab tez-tez yong‘inlar kelib chiqadi.Yosemitening diqqatga sazovor joylari
Yosemite bog‘i ulkan tog‘lar, sharsharalar, daryolar, o‘rmonlar va o‘tloqlar bilan o‘ralgan. U yerda sayyohlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan, piyodalar va velosiped yo‘llari mavjud, to‘xtash joylari qulayligi bilan ajralib turadi.Har yili milliy bog‘ga besh millionga yaqin odam tashrif buyuradi; sayyohlarning 90 foizi faqat Yosemite vodiysini ko‘rish uchun keladi. Chunki vodiy bog‘ning markaziy qismida – go‘zal Mersed daryosi bo‘yida joylashgan va diqqatga sazovor joylarga to‘la. Aynan shu yerda siz deyarli bir kilometr balandlikdagi El-Kapitan granitli tosh monolitni, chiroyli ko‘llar va sharsharalarni, turli hayvonlarni uchratasiz.
Asosiy sayyohlik yo‘nalishlari Yosemite vodiysidan boshlanadi. Bu yerda butun infratuzilma joylashgan – qahvaxona, dam olish joylari va do‘konlar ham sayyohlar bilan to‘la.
2015-yildan 2017-yilgacha bog‘ atrofida sayyohlar uchun qulayliklar yaratish bo‘yicha yana qayta ishlar olib borildi, buning natijasida tramvay yo‘llari olib tashlandi va piyodalar uchun qulay asfalt yo‘llar paydo bo‘ldi.
Quyida bog‘ning go‘zalliklarini o‘zida mujassam etgan fotosuratlar bilan tanishasiz.
Izoh (0)