Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasining axborot markazi jangovar harakatlar boshlangan 27-sentabrdan 1-oktabrgacha Ozarbayjonning yo‘qotishlari haqida ma’lumot berdi, deb yozmoqda “Interfaks”.
Ma’lum qilinishicha, Ozarbayjon Qurolli kuchlarining 1280 nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan, 2700 nafar askar yaralangan. Ozarbayjonning 90 ta uchuvchisiz uchish qurilmasi, 12 ta vertolyoti, 181 tank va harbiy piyoda mashinasi, uchta “TOS” og‘ir o‘qotar tizimi, ikkita “Smech” tizimi, to‘rtta samolyoti yo‘q qilingan.
Avvalroq Armaniston hukumati Ozarbayjonning ikki samolyoti urib tushirilganini ma’lum qilgandi.
30-sentabr kuni Ozarbayjon Qorabog‘da Armanistonning ikki mingdan ortiq askari o‘ldirilgani va yaralanganini ma’lum qilgandi. Yerevan esa bu Bokuning bir kunlik yo‘qotishlari deb javob qaytargan.
Eslatib o‘tamiz, Tog‘li Qorabog‘da Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida harbiy nizo 27-sentabr kuni qaytadan boshlandi. Har ikki tomon ham bir-birini ig‘vogarona xatti-harakatlar va vaziyatni keskinlashtirishda ayblamoqda. Mojaro keskinlashgani tufayli har ikkala mamlakatda harbiy holat e’lon qilingan.
Izoh (0)