Belarus muxolifati rahbari Svetlana Tixanovskaya Fransiya prezidenti Emmanuel Makronga Aleksandr Lukashenko rejimi bilan muloqotda vositachi bo‘lishni so‘rab murojaat qildi. Bu haqda Tixanovskaya OAVga bergan intervyusida ma’lum qildi, deb yozmoqda “Korrespondent.net”.

Foto: EPA

Qayd etilishicha, Tixanovskaya mazkur taklifni Makronning Vilnyusga tashrifidan bir kun oldin bildirgan.

“Hozir Belarus muloqot tashkil qilishga muhtoj bo‘lgan vaqt keldi”, — dedi Tixanovskaya.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Makron Belarusdagi siyosiy inqirozni bartaraf etish bo‘yicha bunday muloqotda vositachilardan biri bo‘lishi mumkin. Shuningdek, Tixanovskaya Makron bilan uning Litvaga ikki kunlik tashrifi chog‘ida uchrashish istagini bildirdi.

Fransiya prezidenti ma’muriyati tomonidan ma’lum qilinishicha, bunday uchrashuv Makronning rasmiy tashrifi dasturida ko‘zda tutilmagan, ammo uchrashuv istisno ham etilmagan.

Shu bilan birga, Tixanovskaya Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham Belarus muxolifati va Lukashenko rejimi o‘rtasidagi muloqotda vositachi bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.

Shuningdek, Belarus muxolifati rahbari nafaqat zo‘ravonlik, inson huquqlari buzilishi va saylovdagi firibgarliklar bilan shug‘ullangan ayrim mansabdor shaxslarga qarshi xalqaro sanksiyalarni, balki Lukashenka rejimi tomonidan moliyalashtiriladigan tadbirkorlik subyektlariga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni ham qo‘llash tarafdori ekanligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, 23-sentabr kuni Aleksandr Lukashenko yashirincha inauguratsiya marosimini o‘tkazgan va rasman Belarus prezidenti lavozimida ish boshlagan. Bu esa mamlakatda noroziliklarning yangi to‘lqini yuzaga keltirdi.

Shundan so‘ng Litva, Latviya, Estoniya, Slovakiya, Ukraina, Germaniya, Kanada, Polsha, AQSh, Shvetsiya, Norvegiya, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi Lukashenkoni Belarusning qonuniy prezidenti sifatida tan olishdan bosh tortdi.

Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskaya Aleksandr Lukashenkoning Belarus prezidentligi lavozimiga yashirin inauguratsiyasiga bag‘ishlangan videomurojaat yo‘llab, unda o‘zini belarus xalqining yagona yetakchisi deb atadi.