UEFA ijroqo‘mi koronavirus pandemiyasi davrida Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasi uchrashuvlari qay tariqa o‘tkazilishini ma’lum qildi.

Foto: Getty Images

Klubning bir yoki bir nechta vakilida koronavirus aniqlangan taqdirda, agar mahalliy hukumat jamoani karantinga olish qaroriga kelmasa uchrashuv o‘z vaqtida bo‘lib o‘tadi. Jamoada o‘yinga layoqatli 13 futbolchi (kamida bir nafar darvozabon bilan) mavjud bo‘lsa, u holda uchrashuv o‘z vaqtida o‘tkaziladi. Agar 13 futbolchi topilmaydigan bo‘lsa, UEFA o‘yinni qoldirishga ruxsat beradi.

Qo‘shimcha variant sifatida klub maydonga Yevrokuboklar qaydnomasiga kiritilmagan yoki ayrim sabablar tufayli undan qolib ketgan futbolchilardan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Faqat buning uchun o‘yinchi milliy assotsiatsiya ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lishi kerak. Agar uchrashuvni qoldirishning iloji bo‘lmasa, o‘yinga tusha olmagan jamoa bunga javobgar bo‘ladi va unga 0:3 hisobidagi texnik mag‘lubiyat yoziladi.

Shuningdek, tashkilot ijroqo‘mi Yevrokuboklar va Millatlar Ligasi 2020/21-yilgi mavsumida besh o‘yinchi almashtirish qoidasini o‘z kuchida qoldirdi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!