Photogram kompaniyasi qoshiga yig‘ilgan bir guruh muhandislar, ma’lumotlarni qayta ishlash bo‘yicha mutaxassislar va kontent yaratuvchilari Micro Four Thirds fototizimi sifatini smartfon sun’iy intellekti bilan uyg‘unlashuvini” hosil qiladigan kamerani yaratish ustida ish boshladi, deb xabar beradi IXBT.
Qurilmaning asosini tasvirdagi piksellari o‘lchami 4,64 mkm bo‘lgan va HDR’ni qo‘llab-quvvatlovchi 11 megapikselli Four Thirds formati tashkil etadi. U yechiluvchan obyektiv bilan birga ishlaydi. Bunda Micro Four Thirds obyektividan hamda boshqa tizimlarning obyektivlaridan ham foydalanish mumkin.
Alice Camera o‘z ekraniga ega bo‘lmaydi va smartfonga ulanadi. Ulanish Wi-Fi orqali amalga oshiriladi. Smartfondagi ilovada ekspozitsiyani boshqarish, ranglarni to‘g‘rilash, tasvirni raqamli barqarorlashtirish va avtomatik fokus funksiyasi mavjud — ularning barchasi sun’iy intellekt algoritmlari bilan ishlaydi.
Suratga olingan tasvirlarni saqlash uchun microSD xotira kartasidan foydalaniladi. Bundan tashqari, tasvirni to‘g‘ridan to‘g‘ri smartfonga uzatish va uni internetda chop etishdan oldin tahrirlash mumkin. Kamera 4K sifatdagi videolarni ham tasvirga olishga qodir.
Hozirda prototip bosqichida bo‘lgan kameraga oldindan buyurtmalar qabul qilinmoqda. Alice Camera’ning narxi 750 funt sterlingni tashkil etadi, biroq oldindan buyurtma berish orqali uni arzonroqqa xarid qilish mumkin. Kamera 2021-yilning martida taqdim etilishi kutilmoqda.
Izoh (0)