Toshkentda Spark va Matiz o‘rtasida sodir bo‘lgan to‘qnashuv oqibatida avtomobillardan biri yonib ketdi, deb xabar beradi IIV YHXBB axborot xizmati.

Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

Ma’lumotlarga ko‘ra, 17-sentabr kuni soat taxminan 18:30 larda Yunusobod tumani Bog‘ishamol ko‘chasida — Botanika bog‘i qarshisida Spark va Matiz rusumli transport vositalari ishtirokida to‘qnashuv sodir bo‘lgan. Spark haydovchisi va yo‘lovchisi hamda Matiz haydovchisi tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan.

Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lum qilishicha, avariya oqibatida Matiz yonib ketgan. Toshkent shahar FVB xodimlari hodisa joyiga 18:15 da yetib borgan va yong‘in soat 18:17 da o‘chirilgan.

Mazkur holat yuzasidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq Sirdaryoda hojatxona qog‘ozi olib ketayotgan yuk mashinasi, Qoraqalpog‘istonda beton ustunga urilgan Lacetti, Chilonzorda esa Mazda avtomobili yonib ketgani to‘g‘risida xabar berilgandi.