AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining Twitter’dagi sahifasi orqali Goodyear shinalar markasiga boykot e’lon qilib, uning mahsulotlarini xarid qilmaslikka chaqirdi. Amerika yetakchisining g‘azabiga kompaniya rahbariyati o‘z xodimlariga “Amerikani yana buyuk qilamiz” yozuvi tushirilgan kepkalarni kiyishni taqiqlagani sabab bo‘lgan.
Amerika OAVlarida Goodyear kompaniyasi rahbariyati bag‘rikenglik bo‘yicha o‘tkazilgan korporativ trening vaqtida o‘z xodimlarining “Amerikani yana buyuk qilamiz” chaqiruvidan foydalanishni taqiqlagan. Shu sababli korxonada Trampning shiori tushirilgan kepkalar taqiqqa uchragan.
Bundan xabar topgan Donald Tramp shina ishlab chiqaruvchi nomiga keskin fikr bildirib, o‘z tarafdorlarini Goodyear mahsulotlarini xarid qilmaslikka va arzonroq narx evaziga sifatliroq “pokrishka” tanlovini amalga oshirishga chaqirgan. O‘z navbatida prezident tez orada o‘zining Cadillac One limuziniga o‘rnatilgan Goodyear shinalarini boshqasiga almashtirishga va’da bergan.
Goodyear vakillari mojaroli taqdimotga aloqador emasliklarini, biroq o‘z xodimlaridan ish joyida siyosiy qarashlaridan voz kechishni so‘rayotganliklarini yashirmagan. Rasmiy raddiyaga qaramay, shina kompaniyasining aksiyalari Amerika prezidentining bayonotidan so‘ng tushib ketgan.
Eslatib o‘tamiz, 2017-yilda Kaliforniya shtatidan Kongressga saylangan demokrat Jeki Spiir Donald Trampga Twitter’dagi sahifasida yozuv qoldirishni man etuvchi qonun loyihasini kiritish niyatini ma’lum qilgandi.
Izoh (0)