Toshkent viloyati Bekobod tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari M.B. 5000 AQSh dollari miqdorida pora olayotgan vaqtida qo‘lga tushdi. Bu haqda “Gazeta.uz” huquq-tartibot idoralaridagi manbasiga tayanib xabar qilgan.
Qayd etilishicha, M.B. 19-avgust, chorshanba kuni Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida hibsga olingan.
Tuman IIB bo‘lim boshlig‘ining muovini qidiruvda bo‘lgan shaxsning ushbu maqomini bekor qilish uchun 5000 dollar miqdorida pora so‘ragan.
IIO xodimiga nisbatan jinoyat ishi ochilgan, biroq ishning Jinoyat kodeksining qaysi moddalari bo‘yicha olib borilishi xususida ma’lumot berilmagan. Holat yuzasidan tergov jarayoni davom etmoqda.
Avval ham Ichki ishlar vazirligi tizimidagi tuzilmalarda pora bilan bog‘liq jinoyatlar sodir bo‘lgani haqida xabarlar berilgan. Jumladan, 3-iyulda Davlat xavfsizlik xizmati idoralari tomonidan prokuratura va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda 50 ming dollar pora olgan IIB mayori hibsga olingani, 27-iyulda esa Farg‘ona shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi katta tezkor vakili qo‘shmachi ayoldan pora olayotganida ushlangani xabar qilingan.
Izoh (0)