Daryo

Farg‘onada qo‘shmachi ayoldan pora talab qilgan IIB xodimi ozodlikdan mahrum etildi

Shuningdek, tezkor xodim hafta-o‘n kun ichida qo‘shmachining uyida bir necha marta ko‘ngilxushlik qilgan

2 daqiqa o‘qish77 954 ko‘rishlar0 izoh0

Farg‘ona shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi katta tezkor vakili Dilmurod Abdullajonov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) qo‘shmachi ayoldan pora olayotganida ushlandi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudining raisiga tayanib, “Adolat” gazetasi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020-yilning 19-aprel kuni Farg‘ona shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan “Oriyat” tadbiri o‘tkazilgan. Mazkur tadbirda shaharning “Yangi Asr” ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylarning birida yashovchi, muqaddam odam savdosi jinoyati uchun sudlangan va jazo muddatini o‘tayotgan Sh.F. o‘z uyida fuqarolarning ko‘ngilxushligi uchun sharoit yaratib, qo‘shmachilik qilayotgani aniqlangan. Shu bois ayni holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, tergovga yuborilgan. Natijada Sh.F.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, “Oriyat” tadbirida boshqarma katta tezkor vakili Dilmurod Abdullajonov ham ishtirok etgan. Sh.F.ning qadrdonlaridan biri unga qo‘ng‘iroq qilib, dugonasiga yordam berishini iltimos qilgan. Natijada Dilmurod Abdullajonov voqeaning ertasiga — 20-aprel kuni Sh.F. bilan uchrashib, ishni “bosti-bosti” qilish uchun undan pora talab qilgan.

Shuningdek, Abdullajonov keyingi uchrashuvda qo‘shmachi ayolni jinsiy aloqa qilishga taklif etadi. Noiloj qolgan Sh.F. esa taklifni qabul qiladi. Shundan so‘ng tezkor xodim hafta-o‘n kun ichida Sh.F.ning uyida bir necha marta ko‘ngilxushlik qilgan.

Sh.F. o‘zining chorasiz vaziyatidan foydalanib qolmoqchi bo‘layotgan qonun himoyachisining so‘nggi kunlardagi harakatlaridan shubhalanadi va unga qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, DXX Farg‘ona viloyat bosh­qarmasiga murojaat qiladi. Oqibatda 3-may kuni Dilmurod Abdullajonovga nisbatan tezkor tadbir o‘tkaziladi.

Tadbir davomida Abdullajonov Sh.F.dan 500 AQSh dollarini olganida ushlangan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a”bandi, 28, 211-moddasi 1-qismi (Firibgarlik, Jinoyat ishtirokchilarining turlari, Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudi esa aybdorni ozodlikdan mahrum qilish jazosiga mahkum etdi. Mavzuga doir:
Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar