6-avgust kuni bir qator o‘zbekistonlik jurnalistlar va blogerlar Telegram’dagi akkauntlarini buzishga urinishlar bo‘lganini ma’lum qildi. Qalloblar mahalliy uyali aloqa operatorlarining soxta raqamlaridan amalga oshirilgan qo‘ng‘iroqlar orqali identifikatsiya qilish uchun SMS-kodni qo‘lga kiritishga uringan.
Masalan, “Daryo” jurnalisti Eldor Asanovning so‘zlariga ko‘ra, noma’lum yigit unga +998-97-130-09-09 (Mobiuz operatori) raqamidan qo‘ng‘iroq qilib, viktorina haqida ma’lumot bergan. Viktorina g‘oliblariga qo‘ng‘iroqlar uchun daqiqalar, SMS va internet uchun megabaytlar va’da qilinishi haqida aytgan.
Mavzuga doir: O‘zbekistonda firibgarlar Telegram foydalanuvchilarini aldashga uringani ma’lum qilindi
Eldor Asanov ehtiyot chorasi sifatida barcha akkauntlaridan chiqib ketgan, qalloblar uning hisobiga kirish uchun pul o‘g‘irlashini kutgan.
“Ammo akkauntimga kira olmagan qalloblar qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilaverishdi. Ko‘targanimda ‘bonus tushdimi?’ deb so‘rashdi. ‘Yo‘q’ deganimdan so‘ng ‘qo‘ng‘iroq qivoramiz’, deyishdi. Bir daqiqadan so‘ng hisobimga 84 ming so‘m tushdi. Shundan ularning maqsadi pul emasligini tushundim. Yana qo‘ng‘iroq qilib, bu tushirilgan pul yordamida ‘bonus’ni qanday aktivatsiya qilishimni tushuntirishdi. So‘ng qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilaverib, uzoqdan turib Telegram-akkauntimga qayta-qayta kirishga urinaverib, kod so‘rayverishdi. Balki taslim bo‘lishar deb biroz kutdim, axiyri bo‘lmadi. ‘Kimsiz, akkauntim nega kerak?’ deb so‘raganimni bilaman, telefon o‘chdi”, — deb yozadi u.
Jurnalist raqam bo‘yicha qayta qo‘ng‘iroq qilib, Mobiuz kompaniyasiga ulangan. U operatorga ularning raqamlari orqali firibgarlik qilishga uringanliklarini tushuntirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, operator o‘z raqamlariga boshqa joydan ulanishning iloji yo‘qligini aytgan (IP-manzil Niderlandiyaniki edi) va, agar shikoyat bo‘lsa, ichki ishlar xodimlariga murojaat qilishni taklif qilgan.
O‘zA jurnalisti Anora Sodiqova ham shunga o‘xshash hodisa haqida yozdi (unga qo‘ng‘iroq Ucell operatoridan kelgan). “Nablyudeniya pod chinaroy” blogi muallifi Feruzxon Yoqubxo‘jayev va jurnalist Zafarbek Solijonov ham ularning akkauntlariga buzib kirishga urinishlar bo‘lgani haqida ma’lum qildi.
Milliy ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov ushbu vaziyatni izohlab, “OAV va blogerning ‘ovozini o‘chirish’ga urinish bilan hech qanday natijaga erishib bo‘lmaydi” deya ta’kidladi. “Gazeta.uz” Allamjonovning bayonoti matnini e’lon qildi.
Kuni-kecha ko‘plab blogerlarimiz o‘zlarining Telegram-kanallarida ularni akkauntlarini buzishga urinish bo‘lganligi haqida yozdi.Buni kim tomonidan va nima maqsadda qilinganini biz yaxshi bilmaymiz. Lekin, nima bo‘lganda ham, ommaviy axborot vositalari va blogerlarning ovozini o‘chirishga urinish — bu hech qachon yaxshi natija bermagan.Mana, masalan, o‘tgan davrni olaylik. Yillar davomida matbuot kuchli bosim ostida bo‘lgan. Matbuot kuchli senzura ostida bo‘lgan va jurnalistlar nafaqat o‘zining fikrini bayon qila olgan, balki ular bir tuzukroq bir muammoni ko‘tarib ham chiqa olmagan. Oqibatda nima bo‘ldi? Oqibatda fikrlar xilma-xilligi bo‘lmadi. Oqibatda jamiyat rivojanmadi. Oqibatda, umuman, davlat bir qoloq davlatlar qatorida turaverdi va xech qanday bir natijaga erishmadik. Chunki muammoni ko‘tarib chiqadigan instrument o‘chiq edi.
Hozir, mana, Prezidentimiz boshchiliklarida matbuotga keng yo‘l ochib berildi. Matbuotning haqiqatan to‘rtinchi hokimiyat bo‘lishi uchun maqsadlar va vazifalar belgilab berildi. Aynan shu jarayonda agar hozir matbuotning ovozi o‘chirilsa, agar shu jarayonda blogerlar va jurnalistlar juda kuchli bosim ostida qolsa, unda nima bo‘lishi mumkin?
Hozir men sizlar bilan o‘zimning tahliliy fikrlarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman. Keling, eng avvalo umuman informatsion “polya”ni bir ko‘rib olsak. Mana bu, tasavvur qiling, informatsion maydon. Bu informatsion maydon qirg‘og‘ining bu tomonida, misol uchun, chet eldan turib faoliyat yuritayotgan OAV va blogerlar, jurnalistlar yoki inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar va hokazo. Bu esa — O‘zbekiston OAVlari. Bu yerda televideniye, radio, internet, ijtimoiy tarmoqlar va hokazo. Bu yer esa informatsion maydon. Bu yerdan fuqarolarimiz ma’lumot oladi va aynan ushbu maydonga bu tomon ham va bu tomon ham o‘zining u yoki bu muammo, masalalar bo‘yicha ma’lumotlarni tashlaydi.
Agar biz hozir O‘zbekiston tomonida faoliyat yuritayotgan televideniye jurnalistlari, radio, internet, ijtimoiy tarmoqlar, jurnalist va blogerlarni siquvga oladigan bo‘lsak, ularni bo‘g‘adigan bo‘ladigan bo‘lsak, ularning faolligi sekin-asta pasayadi.
Ularning ko‘pchiligi xususiy, reklamadan keladigan daromadga bog‘liq OAV. Har bir OAV — u bloger bo‘ladimi yoki OAV — bari reklama hisobidan kun ko‘radi. Ular berayotgan maqolalar odamlarning hayoti bilan bog‘liq bo‘lmasa, ular o‘z maqolalari yoki berayotgan materiallarida muammolarni ko‘tarib chiqmasa, ularga bo‘lgan qiziqish kamayadi va o‘z-o‘zidan ularga reklama ham kam beriladi. Shu bilan ular asta-sekin yomon ahvolga tushib qolishi mumkin.
Bu ham mayli, lekin “O‘zbekiston bundan nima yutadi?”, deydigan bo‘lsak, biz informatsion maydondagi immunitetimiz yo‘qotamiz. Informatsion maydonni bizga do‘st bo‘lmagan davlatlarning OAVlari boshqara boshlaydi. Ularning maqsadi bizga noma’lum. Ular nima qilmoqchi? Xalqimiz o‘zimizning OAVdan qiziqarli ma’lumot ololgach, xorijiy OAVga murojaat qiladi. Shunday qilib bir tomonlama fikr shakllana boshlaydi.
Nima uchun “OAVning fikrini o‘chirish yoki bular nazoratda bo‘lishi kerak?” degan fikr paydo bo‘ladi. Chunki bular bu yerdagi odamlar orasidagi muammolarni ko‘tarib chiqadi. Bizda ko‘proq bir yanglish fikr bor: muammoni hal qilish o‘rniga uning ovozini o‘chirishga harakat qilamiz. Lekin muammo baribir bor-ku.
Yana bitta eng yomon tomoni bor. Xo‘p, muammo qoldi, OAVning ovozi pasaytirildi. Boshqa tomondan chet el OAVining ovozi balandroq eshitila boshladi. Informatsion maydonda ovoz yagona bo‘lsa, o‘sha yagona ovoz balandroq eshitilmaydimi? Ovozlar ko‘p, fikrlar xilma-xil bo‘lsa yaxshi emasmi? Albatta, fikrlar xilma-xilligi bo‘lganda, qayiqning chayqalishi ham kamroq.
Bu masalaning ikkinchi tomoni. OAV ovozi yopilgani bilan, nima deb uylaysiz, jurnalist yoki bloger u yoki bu faoliyatini to‘xtatadimi? Bloger yoki jurnalist kim o‘zi? Vatanparvar, befarq bo‘lmagan, muammolar oldidan bemalol o‘tib ketolmaydigan shaxs, ular tug‘ma shunday, bunaqa shaxslar tug‘iladi. Demak, OAV ovozi yopilgani bilan, ularning vatanparvarlik hissi baribir qoladimi? Kim kafolat bera oladi, bu bloger yoki jurnalist anonim jurnalistlik faoliyati yo‘lga qo‘ymaydi deb? Boshimizdan o‘tkazdik-ku, ko‘rdik-ku! Masalan, 2016-yilda ko‘plab blogerlarimizning kimligini bilmasdik.
Oldingi davr bilan hozirgi davrning eng katta farqi shundaki, o‘tgan davrda texnika bu darajada rivojlanmagan edi. Hozir ijtimoiy tarmoqlar — Facebook, Instagram, Telegram, Twitter va hokazolar hayotimizga shu qadar kirib ketganki, qaysidir resursni o‘chirib qo‘yish bilan maqsadga erishib bo‘lmaydi.
Eng asosiy yechim juda oson. Yana bir bor ta’kidlaymizki, jurnalistlar bilan emas, muammolar bilan kurashish kerak. Muammo bor ekan, jurnalist shu muammo haqida gapiradi, muammo bo‘lmaganda jurnalist gapirmasdi. Agar muammo bo‘lib, u haqda gapirilmasa, bu muammo ertaga to‘planib-to‘planib kuchli ijtimoiy noroziliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Endi men masalaning juda ham qiziq tomoniga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Bugungi texnika asrida internet bor ekan, ma’lumotlar oqimini to‘xtatishning iloji yuq. Biz matbuotimiz, blogerimiz va jurnalistlarimizning ovozini o‘chirsak, informatsion maydonda ovozlar kamayib, chet el tashkilotlari, bizga do‘st bo‘lmagan turli xorijiy OAVning ovozi ustunlik qiladi. Informatsion suverenitetimizni yo‘qotib qo‘yishimiz ehtimoli juda katta.
Lekin shuni alohida ta’kidlab o‘tmoqchimanki, chet el OAVi yoki chet el tashkilotlari degani — bari yomon tashkilotlar degani emas. Do‘st bor, dushman bor.
Ularning orasida g‘araz maqsadlarda, turli siyosiy bosim o‘tkazish ilinjida bo‘lgan, turli siyosiy bir jarayonlarni u yoki bu ko‘rinishda ko‘rsatishga manfaatdor bo‘lganlari bor. O‘z OAVimizning ovozini qonun, texnika, har qanday yo‘l bilan — u metodlarga alohida to‘xtamaylik — pasaytirishga urinishimiz immunitetimizning, respublikamiz immunitetining pasaytirishga ham o‘xshaydigan bir jarayon, deb hisoblayman.
Bu bilan nima demoqchiman? Matbuot erkin bo‘lishi kerak, fikrlar xilma-xil bo‘lishi kerak. Ko‘pincha muammolarni juda ko‘p bo‘rttirib yozishyapti, yaxshi ma’lumotlar juda kam berilyapti, deyishadi. To‘g‘ri, lekin bir narsani inobatga olish kerak: matbuotning vazifasi muammolarni ko‘tarish, xalq dardini olib chiqish, jamoatchilik nomidan muammoni yuqoriga ko‘targan holda uning hal qilinishiga erishish, bundan tashqari ular hukumat va davlat idoralarining faoliyati ustidan xalq nozirlari hamdir. Xalqning, jamoatchilik nazoratchilari.
Shunday ekan, har doim ham yaxshi yoki maqtoli materiallarni berolmaydi. Eng asosiysi, jurnalist va blogerlar uchun xolislik, etika degan masalalar juda muhim. Bu narsalarda ham kamchiliklar bo‘lishi mumkin, lekin ularning ovozni pasaytirishdan ko‘ra, aynan shu jihatlar ustida ishlagan ma’qul. Chunki ularning ovozi pasaygani bilan, muammolar joyida qolayotgan ekan, bu muammolar baribir u yoki bu yullar bilan bosh ko‘taraveradi. Anonim yo‘l bilan chiqib keladi, Telegram’da hozir mingta har xil kanallar ochilgan — ularda paydo bo‘ladi.
Qandaydir informatsiyani yashirishning iloji yo‘q. Informatsiyani yashirishning umuman imkoniyati yo‘q.
Mana, masalan, biror-bir ijtimoiy tarmoq muammoga uchradi. Foydalanuvchilar Facebook’ga murojaat qilyapti. Shu murojaat jarayonida muammolar paydo bo‘lyapti. Va undan keyin nima bo‘lyapti? Foydalanuvchilar Facebook’ga umuman kirmay qo‘yyaptimi? Yuq. Unga kirishning yo‘li bor albatta. Yo‘li — VPN. Demak, Facebook foydalanuvchilari VPN’ga murojaat qiladi va u orqali Facebook’ka kiradi.
Natijada nimaga erishyapmiz? VPN egalari Facebook’dan tashqari yana bu yerda minglab terroristik mazmundagi, pornografik yoki qurol-yarog‘ sotadigan, ekstremistik saytlarning hammasiga ham bemalol kira olishyapti. Bu ertaga kiber-jinoyat uchun ham keng yo‘l ochib berishi mumkin bo‘lgan keraksiz vosita hisoblanadi. Facebook’da shunday muammolar bo‘lgandan keyin, baribir ham odamlar bu Facebook’ka kirishni davom etaveradi.
Keling, umumlashtirgan holda fikrimni aytsam. Blogerlar va jurnalistarning ovozi pasaytirilsa, demak O‘zbekistoning immuniteti tushadi, fikrlar xilma-xilligi kamayadi, informatsion suverenitetimizga bu juda ham jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Undan tashqari, ular anonim faoliyatga o‘tishi mumkin. Undan tashqari, ular boshqa resurslarda, umuman ko‘rinmagan holda, faoliyatlarini davom ettirishlari mumkin. Eng asosiysi, shuni unutmaslik kerakki, blogerlar, jurnalistlar baribir befarq insonlar emas. Ularga turli qonun yo‘li bilan yoki boshqa yo‘llar bilan ming taqiq qo‘ying, ular baribir o‘z faoliyatini davom ettiraveradi.
Ikkinchisi, OAV yoki ijtimoiy tarmoqlarning turli texnik nosozliklarga uchrashi — bu muammoning boshqa tomoni. Bu xavfsizlik tizimarini butunlay buzib yuboruvchi VPN orqali Facebook’ga yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlarga kirish mumkin bo‘ladi, lekin zararlarini aytib o‘tdim.
Shu bilan birga Facebook’da xozirgi pandemiya sharoitida juda ko‘plab shiforoklarning maslahatlari bor, turli onlayn loyihalar bor. Ularning bariga putur yetadi. Unda reklama maydonchasi sifatida foydalanadigan biznes tashkilotlariga putur yetadi. Eng asosiysi, fuqarolarni bezovta qilayotgan u yoki bu muammolar haqidagi xabarlar tabiiy kelib turuvchi oqim yopiladi.
Lekin muammolar haqidagi xabarlar kelishi yopilgani bilan, u muammolar hal qilinmasa, ular baribir o‘zining aks-sadosini beradi. Shuning uchun OAV, ijtimoiy tarmoqlar va blogerlar bilan to‘g‘ri ishlashni o‘rganishimiz kerak — bu eng muhimi.
To‘g‘ri ishlash nima degani? OAV, birinchidan, to‘g‘ri, xolis bo‘lishi kerak. Qonunlarimiz juda ham mukammal — qonunlar ishlashi kerak. Qonunlarning puxta amaliyotda qo‘llanilishiga erishlishi kerak va, eng asosiysi, ochiqlik bo‘lib, jurnalistlar ko‘targan muammolarga zudlik bilan chora ko‘rilsa, masala juda ham oddiy hal bo‘ladi.
OAV, blogerlar, jurnalistlar faoliyatida ham kamchiliklar yetarli. His-hayajonga berilish, masalaga bir tomonlama yondashish yoki yolg‘on, feyk ma’lumotlar berish — bu ham eng asosiy boshog‘riqlaridan biri. Lekin bularning hammasi — ishlasa yechsa bo‘ladigan masalalar.
Nima bo‘ldi shu ikki-uch yillik jarayonda? Aholining axborot qabul qilishi, informatsiyaga bo‘lgan munosabati butunlay o‘zgardi. Hozirgi O‘zbekiston fuqarolari bundan 3—4 yil oldingi ishonuvchanlik darajasida emas, ularning o‘zlari ham biror-bir sayoz u yoki bu ma’lumotlarga fikr bildiradigan darajaga yetdi.
Aytmoqchimanki, aholining o‘zi ham juda katta filtr vazifasini bajarib beryapti. Shunday ekan, keling jurnalist va blogerlarni dushman deb bilmasdan, ular bilan ishlashni yo‘lga qo‘yaylik, ularga do‘st bo‘lib, kamchiliklari bo‘lsa, aytaylik. Lekin bir tomoni bor — do‘stning akkaunti hech qachon ‘vzlom’ qilinmasligi kerak.
Komil Allamjonov
Izoh (0)