Mercedes-Benz kompaniyasi o‘zining yangi avlod S-Class’iga oid ma’lumotlarni oshkor qilishda davom etmoqda. Bu safar orqa o‘rindiqda o‘tiradigan yo‘lovchilarni himoyalovchi tizim namoyish etildi, deb xabar beradi Motor.

Foto: Daimler

Mercedes-Benz yangi texnologiya qanday ishlashi haqida batafsil ma’lumot bermagan. Dastlabki tasvirlarga ko‘ra, xavfsizlik yostiqchasi old o‘rindiqlarning orqa tomoniga o‘rnatilgan bo‘ladi. To‘qnashuv vaqtida frontal yostiqchalar yon yostiqchalar o‘rniga ishga tushib, orqada o‘tirgan yo‘lovchining xavfsizligini maksimal darajada ta’minlaydi.

Nemis kompaniyasi vakillarining ma’lum qilishicha, yangi S-Class orqa yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan xavfsizlik yostiqchalariga ega va to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvlarda himoya qilishga qodir birinchi avtomobilga aylanadi. Biroq hozircha yangi tizim bolalar o‘rindiqlariga qay tarzda moslashtirilishi haqida ma’lumot yo‘q.

Bundan tashqari, yangi S-Class joyida turgan avtomobilning orqa qismiga kelib urilishi mumkin bo‘lgan xavflardan himoya qiluvchi tizimga ega bo‘ladi. Yangi texnologiya avtomobil holatini nazorat qiluvchi tizim bilan birgalikda ishlaydi, bu esa g‘ildiraklar qattiqligi va uning joylashishini individual nazorat qilish imkonini beradi.