Koronavirusga chalingan toshkentlik 73 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahri Sergeli tumanida yashagan 73 yoshli ayol G.R.da joriy yil 9-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va Zangiota ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.
Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.
Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya, bosh miyada surunkali qon aylanishining buzilishi, surunkali piyelonefrit, surunkali xoletsistit kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.
Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.
Asosiy kasallik asoratlari hisobiga bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi statistikasiga ko‘ra, G.R. koronavirusning O‘zbekistondagi 104-qurboniga aylandi. “Daryo” hisobi bo‘yicha esa koronavirusdan vafot etganlar soni 109 nafarga yetdi.
Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 22-iyulda O‘zbekiston bosh prokurorining sobiq o‘rinbosari Hakimbay Xalimov 66 yoshida koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. Biroq SSV tomonidan ushbu holatlar haqida ayni vaqtgacha axborot berilmagan.
Izoh (0)