O‘zbekiston Prezidentining “Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda fidoyilik ko‘rsatgan yurtdoshlarimizdan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq bir guruh shifokorlar, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar va boshqa soha xodimlari faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlandi.

Alisher Uralov.

Foto: “Gazeta.uz”

Mukofotlanganlar qatorida koronavirusga qarshi kurashda va xizmat vaqtida kasallik yuqtirib olib, uning asoratlaridan vafot etgan shifokorlar va ichki ishlar xodimlari ham bor. O‘limidan so‘ng 6 kishi “Jasorat” medali bilan taqdirlandi, ulardan 4 nafari tibbiyot xodimi, 2 nafari esa ichki ishlar organlari xodimidir. Ushbu fuqarolarning 4 nafari koronavirus yuqtirib olgach, vafot etgani haqida avvalroq xabarlar berilgan.

“Jasorat” medali bilan mokofotlanganlar qatoridan O‘rtasaroydagi karantin zonasida kasallanib vafot etgan marhum shifokor Alisher Uralov ham o‘rin oldi. U Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi markaziy poliklinikada ultratovush tashxisi shifokori bo‘lib ishlagan.

Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasining xodimi Alisher Uralov Yuqori Chirchiq tumanidagi karantin markazida xizmat olib borish jarayonida koronavirus bilan kasallanib vafot etgandi. Alisher Uralov O‘zbekistondagi koronavirusning 21-qurboni bo‘lgandi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov shifokorning xonadoniga tashrif buyurib, uning oilasiga hamdardlik bildirgandi. Shuningdek, marhum shifokorning oilasiga 250 million so‘m kompensatsiya to‘langandi.

Toshkent shahar Olmazor tumanidagi 18-oilaviy poliklinika katta hamshirasi Feruza To‘xtayeva ham “Jasorat” medaliga munosib deb topildi. Olmazor tumani “Mirzo G‘olib” mahallasida joylashgan 18-oilaviy poliklinika katta hamshirasi Feruza To‘xtayeva ham koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etgan.

Feruza To‘xtayeva.

Foto: Olmazor tumani hokimligi / Facebook

Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, 60 yoshli Feruza To‘xtayevada 8-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va u Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan. Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etgan. SSV hamshiraning vafot etganini 20-iyul kuni ma’lum qilgan. Bu SSV statistikasi bo‘yicha 88-o‘lim holati bo‘lgan.

Ichki ishlar tizimidagi koronavirus qurbonlaridan biri — Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Moliya va moddiy-texnika ta’minoti boshqarmasi bo‘lim boshlig‘ining o‘rinbosari, mayor A’loxon Shomahmudov “Jasorat” medaliga munosib ko‘rildi.

A’loxon Shomahmudov.

Foto: IIV matbuot xizmati

Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati 13-iyul kuni Toshkent shahar IIBB Axborot texnologiyalari, aloqa va axborotni himoyalash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, mayor A’loxon Abzalovich Shomahmudovning vafot etganini e’lon qildi. “Daryo” manbasi mazkur xodim koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etganini tasdiqladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi esa IIBB mayorining vafoti haqida 16-iyul kuni rasmiy ma’lumot berdi. U koronavirus oqibatida O‘zbekistonda vafot etgan 70-bemor bo‘ldi.

Koronavirus oqibatida hayotdan ko‘z yumgan Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasining bo‘lim boshlig‘i Shavkat Nafasov ham “Jasorat” medali bilan taqdirlanganlar qatoriga kirdi.

Shavkat Nafasov.

Foto: IIV matbuot xizmati

Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati tomonidan 14-iyul kuni IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Shavkat Nosirovich Nafasovning vafoti munosabati bilan ta’ziya e’lon qilindi. “Daryo” manbasi mazkur xodimning ham koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etganini tasdiqladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi Shavkat Nafasovning koronavirusdan vafot etgani haqida 16-iyul kuni xabar berdi. IIV podpolkovnigining vafoti O‘zbekistonda koronavirus oqibatida yuzaga kelgan 71-o‘lim bo‘ldi.

Shuningdek, farmonga muvofiq Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax filiali direktorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, marhum Hamroqulov Botir Jabborovich ham “Jasorat” medali bilan mukofotlandi. Uning o‘limi sababi haqida rasmiy ma’lumotlar yo‘q. Jizzaxda hozirgacha 72 va 70 yoshli er-xotin hamda 28 yoshli ayolning koronavirus asoratlaridan vafot etgani haqida xabar berilgan.

“Jasorat” medali bilan taqdirlanganlarning yana biri Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filiali nevrologiya bo‘limi katta hamshirasi Zulfiya Jumaniyozova bo‘lib, uning familiyasi farmonda Djumaniyazova deb ko‘rsatilgan. Uning o‘limi haqida ham rasmiy xabarlar yo‘q. Ammo Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi rahbari Nurmat Otabekov 23-iyuldagi brifingda Qoraqalpog‘istonda bir hafta oldin bir shifokor va bir hamshira koronavirusga chalinib vafot etganini ma’lum qildi. SSV hozirgacha Qoraqalpog‘istonda bir erkak va bir ayolning vafoti haqida xabar bergan, ammo o‘tgan haftada emas. Qoraqalpog‘istonda koronavirusning birinchi qurboni Nukus shahrida yashovchi 56 yoshli Z.D. ismli ayol edi. Uning ism-sharfining bosh harflari qoraqalpog‘istonlik hamshiraning ism-familiyasining bosh harflariga to‘g‘ri kelmoqda. Ammo SSV xabarida Z.D.da koronavirus alomatlari kuzatilsa ham, u hech kimga xabar qilmay, 6 kun davomida uyda davolanishga uringani yozilgandi.

Qayd etish joizki, koronavirus asoratlaridan vafot etgan boshqa shifokorlar va ichki ishlar organlari xodimlari ham bor. Ular mukofotlanganlar orasida yo‘q. Xususan, Sirdaryo viloyatida koronavirusdan vafot etgan ilk bemor ham 69 yoshli tibbiyot xodimi bo‘lgan. Bundan tashqari, Qoraqalpog‘istonda yana bir shifokor koronavirus qurboniga aylanganini Nurmat Otabekov tasdiqlagandi.

Shu bilan birga, Toshkent shahar Sergeli tumani bo‘yicha IIO FMB podpolkovnigi Abdulaziz Toshev, Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Axborot xizmati katta mutaxassisi, podpolkovnik Zoyir Saydaliyev ham koronavirus asoratlari oqibatida vafot etgan.