“Yuventus” yozgi transferlar vaqtida jamoada katta o‘zgarishlar qilmoqchi.
Tuttosport’ning xabar qilishicha, turinliklar safini Blez Matyuidi, Mattia de Shilyo, Sami Xedira, Daniele Rugani, Federiko Bernardeski, Luka Pellegrini, Gonsalo Iguain va Kristian Romero kabi futbolchilar tark etishi mumkin.
“Yuventus” tarkibni yoshartirish uchun ayrim futbolchilarni qo‘yib yuborishga tayyor. Bundan tashqari rahbariyat ayrim futbolchilarning maoshi ular namoyish qilayotgan o‘yinga mos emas degan fikrda.
Shu bilan birga “Yuventus” bir nechta xaridlarga qo‘l urmoqchi. Xususan, klub ayni damda “Napoli” hujumchisi Arkadiush Milik transferi ustida ishlamoqda. Shuningdek, turinliklar sport direktori Fabio Paratichi “Fiorentina” futbolchisi Federiko Kyeza va “Roma” vakili Nikolo Zanyoloni olib kelish fikridan qaytmagan.
“Yuventus” A Seriya 33-turidan so‘ng 77 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Mauritsio Sarri shogirdlari 2-o‘rindagi “Inter”ni 6 ochkoga ortda qoldirmoqda.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)