XIII asr o‘rtalarida, ya’ni 1240-yil 15-iyul kuni Aleksandr Yaroslavich boshchiligidagi rus armiyasi Neva daryosida shvedlarga qarshi jang qildi. “Daryo” Neva daryosi bo‘yidagi jang tarixi haqida hikoya qiladi.
Neva daryosi urushi — Novgorod hamda Kareliya Respublikalari o‘rtasida shved, norveg, fin va tavastiyaliklarga qarshi kechgan jang. Urushdan maqsad esa Neva daryosi etagi va Ladoga shaharlari ustidan nazorat o‘rnatish edi. Buning ortida esa yuz yillardan beri Novgrod nazoratida bo‘lgan Boltiq dengizidan Sharqiy Yevropa orqali Vizantiya tomon tijoriy suv (dengiz va daryo) yo‘llarining asosiy qismiga egalik qilish yotar edi.
Shvedlarning front chizig‘iga kelishi
1240-yilning yozida shvedlarning kemalari daryo bo‘yiga keldi. Qo‘shinlarda Shvetsiya, Norvegiya va fin qabilalaridan sum va em kabilarning jangchilari hamda katolik yepiskoplari ham bor edi. Ularning maqsadi qo‘shni qabilalarni bosib olish va ularning orasida katolik qarashlarni yoyishga xizmat qiluvchi qal’a qurish bo‘lgan. Novgorod chegaralarining “qorovullari” bor edi: Finlandiya ko‘rfazlarining ikki sohilida ham fin-ugor qabilasidan bo‘lgan “dengiz qo‘riqchisi” mavjud edi.Shu yilning iyul oyida shved flotlaridan xabar topgan Pelgusiy shu zahotiyoq Aleksandrni bu haqda xabardor qilish uchun odam yubordi. Raqiblar yaqinlashib qolganidan xabar topgan Aleksandr Yaroslavich otasidan ko‘mak so‘ramasdan, o‘z kuchlarini ishga solishga qaror qildi. Qirol kichik guruh tuzdi, bu ishlar tezlik bilan amalga oshirilgani uchun ko‘plab novgorodliklar qo‘shilishga ulgurmadi. Shuningdek, ularga yo‘l-yo‘lakay Ladoga qal’asidan bo‘lgan jangchilar ham qo‘shildi.
Odatga ko‘ra, jangchilar Avliyo Sofiya ibodatxonasiga yig‘ildi va u yerda arxiyepiskop Spiridondan duo olib, Aleksandrdan ilhomlantiruvchi nutq tinglandi. Aleksandrning otryadi Volxov bo‘ylab Ladoga tomon harakatlandi, so‘ng Ijora bo‘g‘iziga qayrildi. Armiya asosan otliq jangchilardan iborat edi, ammo vaqt yo‘qotmaslik uchun piyoda qo‘shinlari ham tashkil qilingan edi.
Jang haqida
1240-yilning 15-iyul kuni jang boshlandi. Rus armiyasida knyazlik otryadidan tashqari asli novgorodliklarning kamida uchta otryadi, shuningdek, ladogaliklarning ham otryadi mavjud edi. Novgorodning birinchi yilnomalarida nashr qilingan “Hayot” kitobida urush paytida jang qilgan oltita askar (ularning uchtasi shahzodaning jangchilari va uchtasi Novgorodning jangchilari) haqida so‘z yuritilgan:
Gavrilo Oleksich “knyazning qo‘llarini tortib olganini ko‘rib, knyaz bilan birga yugurib o‘tgan yo‘laklar orqali kemaga o‘tirdi”. U yerga qulab tushdi, lekin yana jangga qo‘shildi.
Faqatgina bitta bolta bilan qurollangan Sbislav Yakunovich dushman qo‘shinining markaziga yugurdi va undan keyin Aleksandrning ovchisi Yakov Polochaninning uzun qilichini nishonga oldi. O‘smir Savva shved lagerining qoq markaziga kirib, “katta oltin gumbazli chodirning tayanchlarini olib tashladi”, tayanchini yo‘qotgan chodir esa qulab tushdi. Novgorodlik Misha va uning piyoda qo‘shinlari esa dushmanning uchta kemasini suv tubiga g‘arq qildi. Aleksand Yaroslavichning xizmatkori Ratmir bir nechta shvedlarga qarshi jang qilib, yaralandi va vafot etdi.
Urush tunga borib to‘xtadi. Dushmanlar tarqalib ketdi: mag‘lubiyatini tan olgan shvedlar omon qolgan kemalarida ortga chekinib, boshqa tomonga qarab otlandi. Shved armiyasiga qoldiqlarni olib chiqishga to‘sqinlik qilinmadi. Ruslarda unchalik ham katta yo‘qotish bo‘lmadi — 20 ta askar, shvedlarda esa yuzlab. Bundan tashqari, urushning ertasi kuni Neva daryosining boshqa sohillarining mahalliy aholisi shved askarlarining ko‘plab jasadlarini topganliklari aytiladi.
Jang natijalari
Shvedlar yer tishlatildi va shu tariqa Ladoga va Novgorodga yurishlarning oldi olindi. Shu bilan birgalikda Shvetsiya va Orden tomonidan kelishilgan harakatlar to‘xtatib qolindi. Biroq g‘alabadan keyin Aleksandrning ish yuritishdagi roli kuchayishi mumkinligidan qo‘rqib, Novgorod boyarlari knyazga turli xil nayranglarni qo‘llashni boshladi. Aleksandr Nevskiy otasining oldiga bordi, lekin bir yil o‘tgach, Novgorod aholisi yana knyazga Livon ordeni bilan urushni davom ettirishni taklif qildi.Neva daryosida kechgan urushdagi g‘alabadan so‘ng Aleksandr Yaroslavichga Nevskiy nomini berish taklif qilindi. Shundan so‘ng u Aleksandr Nevskiy nomi bilan atala boshladi.
Mirjalol Qosimov tayyorladi.
Izoh (0)