Toshkent viloyati Piskent tumanida yashovchi 37 yoshli erkak koronavirusga chalinib, o‘tkir nafas va o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Piskent tumanida yashovchi 37 yoshli M.M.da 2020-yilning 3-iyulida hansirash, yo‘tal paydo bo‘lgan va uy sharoitida davolanishni boshlagan.
Ammo ahvoli og‘irlashgach, 9-iyulda tez tibbiy yordam mashinasida Zangiota ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.
12-iyul kuni esa bemorda o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi belgilari boshlangan va sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan. Unga COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi bilan kechgan.
“Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi, o‘tkir nafas va o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etgan 61, 62, 63 va 68-bemorlarning o‘limi ham aynan ana shu kasalxonada qayd etilgandi.
Avvalroq Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Habibulla Oqilov ochilganiga bir hafta bo‘lgan mazkur shifoxona bemorlarga to‘lib bo‘lganini ma’lum qilgandi.
Izoh (0)