“Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.
AOKA bosh direktori vazifasini bajaruvchi Dilshod Saidjonovning Telegram kanalida qayd etilishicha, mamlakat rahbarining Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlashda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan qarorida agentlik zimmasiga “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritgan holda yangi tahrirdagi loyihani ishlab chiqish vazifasi topshirilgan.
Agentlik mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida ilg‘or xorijiy tajribani tahlil qilib, axborot sohasidagi o‘zgarishlarni hisobga olgan holda “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasini tayyorladi.
“Barcha tahririyatlar, jurnalistlar, muassislar, mutaxassislar hamda axborot sohasiga befarq bo‘lmagan yurtdoshlarimizni ushbu havola orqali loyiha yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirishga chorlab qolamiz. Bildirilgan barcha taklif va tavsiyalar agentlik mutaxassislari tomonidan sinchiklab o‘rganib chiqiladi hamda inobatga olinadi”, — deydi Dilshod Saidjonov.
Izoh (0)