“Mash’al” klubi katta murabbiyi Dilyaver Vaniyev Coca-Cola Superliga 9-turi doirasida “Lokomotiv”ga qarshi kechgan o‘yindan (1:0) so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.

Foto: PFL

“Hozirgi holatimni tushunmasligingiz tabiiy. Bizga g‘alaba juda zarur edi. O‘yindan oldin biroz bosim bor edi. Ancha vaqtdan beri g‘alaba qozona olmayotgan edik. Yigitlardan o‘z o‘yinlarini ko‘rsatishlarini iltimos qilgandik. Rejadan tashqariga chiqmagan holda harakat qilishni buyurgandik. G‘alaba bilan shogirdlarimni va muxlislarni tabriklayman.

“Mash’al” safarda “Lokomotiv”ni oxirgi marotaba mag‘lub etganida men futbolchi sifatida Oliy Ligada to‘p tepayotgan edim (so‘nggi bor Muborak klubi “Loko”ni 2010-yil 26-avgustda safar o‘yinida mag‘lub etgan — Izoh “Daryo”). O‘sha paytlar “Lokomotiv” hozirgidek emasdi. Keyin ular moliyaviy tomondan ancha barqaror klubga aylandi. Uch mavsum davomida chempionlikni hech kimga bermadi. Ularni o‘yin falsafasini va uslubini oldindan bilardim. To‘pni olib qo‘yadi va bo‘sh hududlar orqali hujumlarni rivojlantiradi. Hozir futbolda kim ko‘proq to‘pni nazorat qilsa, vaziyatlardan foydalansa o‘sha jamoa g‘olib chiqmoqda.

Endi barchasini unutib Muborakka yo‘l olamiz va navbatdagi o‘yinga tayyorgarlik ko‘ramiz. Yozgi transferlar vaqtida yuqori saviyadagi futbolchini olib kelish qiyin masala. Lekin bu borada ishlar davom etadi va to‘xtamaydi.

Legionerlar bilan muloqot qilishda muammoga uchramayapmiz. Ella Kennining turmush o‘rtog‘i Ukrainadan. Shu bois u bilan rus tilida muloqot qilamiz. Ushbu futbolchi orqali Ifeani Ifeani bilan gaplashamiz.

To‘rtta o‘yinda gol ura olmayotganimiz jamoaga juda katta bosim qilayotgandi. Shaxsan o‘zimga yosh murabbiy sifatida bu jarayonni boshdan o‘tkazish oson bo‘lmadi. Yigitlarga ham aytdim. Futbolda gol urish kerak, gol urmasangiz g‘alaba qozona olmaysiz”, — deya Vaniyev so‘zlarini keltirmoqda “Championat.asia”.

Ushbu g‘alabadan so‘ng muborakliklar ochkolarini 9 taga yetkazib oldi va 10-o‘ringa ko‘tarildi. 10-turda jamoa “Andijon”ni mehmon qiladi.

Mavzuga doir: Andrey Fyodorov “Lokomotiv”ning navbatdagi mag‘lubiyati haqida: “Juda yomon o‘ynadik. Bu nima bilan bog‘liq ekanligini bilmayman”.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!