O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida odil sudlovni ta’minlash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga bag‘ishlangan videoselektor o‘tkazildi. Yig‘ilishda sud-huquq tizimi tanqid qilingan va Andijon shahri hamda Chiroqchi tumanidagi ichki ishlar organlari binolarida qiynoq holatlari kuzatilganiga munosabat bildirilgan. Bu haqda “Kun.uz” xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Biz so‘nggi uch yarim yilda qiynoqlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha jiddiy va ortga qaytmaydigan islohotlarni amalga oshirdik. Lekin Andijon shahri va Chiroqchi tuman ichki ishlar idoralarida yaqinda sodir bo‘lgan fojiali holatlar tizim rahbarlarini uyg‘otishi, aniq xulosalar qilishga chorlashi kerak.

Ushbu fojia oqibatida 2 nafar inson hayotdan erta ko‘z yumdi. Ularning oilalari bu huquq-tartibot idoralari rahbarlaridan emas, davlatdan norozi.

Nima uchun tezkor-qidiruv va tergovni nazorat qiluvchi prokurorlar, ichki ishlar rahbarlari bunga biz aybdormiz, deb chiqib aytmaydi. O‘sha xodimlarning bilimini oshirmadik, qonun bilan ishlash, odamlar bilan muomala qilishga o‘rgatmadik, deb nima uchun xalqdan kechirim so‘ramaysizlar? Bu kabi noxush holatlar takrorlanmasligi uchun qaysi tizim yoki hududiy idora rahbari aniq reja yoki dastur ishlab chiqdi?

Ming afsus bilan aytish kerak, sizlardagi loqaydlik va bilimsizlik islohotlarimizni obro‘sizlantirmoqda”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentning ma’lum qilishicha, ushbu jinoyatlarga aloqador 11 nafar ichki ishlar xodimi qonun oldida javob bermoqda. 7 nafar rahbar lavozimidan ozod etildi, yana 16 nafari intizomiy javobgarlikka tortildi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil 13-iyunda Andijonda qiynoqqa solingan fuqaro vafoti sabab 3 nafar IIB xodimi hibsga olingan, voqea 30-mayda Andijon shahar Salohiyat ko‘chasida yashovchi fuqaro A.A. tan jarohatlari bilan kasalxonaga olib kelinishidan boshlangan. Fuqaro 11-iyunda vafot etgan. 14-iyun kuni Andijon viloyati Andijon shahar bo‘yicha ichki ishlar organlari (IIO) faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi (FMB) boshlig‘i podpolkovnik Sodiq Usmonov mazkur voqea sabab ishdan olindi. Keyinroq IIBda besh kishi ishdan olingani va 19 kishi jazolangani ma’lum qilindi.

2020-yilning yanvar oyida Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida yashovchi 32 yoshli erkak A.Yu. mol o‘g‘riligida gumon qilinib, IIB xodimlari tomonidan kaltaklanishi oqibatida vafot etgan. Mazkur voqea ortidan viloyat IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ketgan. Tuman IIBning ikki xodimi, shu jumladan, tuman IIB rahbari qamoqqa olingan. Fuqaroning urib o‘ldirilishida yana 13 nafar xodimning qo‘li borligi ma’lum qilindi.