Avvalroq Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida yashovchi 32 yoshli erkak 22-yanvar kuni yashash uyidan tuman IIB xodimlari tomonidan olib ketilgani, 23-yanvar kuni esa IIBdan uning murdasi chiqqani haqida xabar berilgandi. Qashqadaryo viloyat prokuraturasi matbuot xizmati ushbu holat bo‘yicha bayonot berdi.

Foto: “Daryo”

Marhum yaqinlaridan Bahodir Xoliqovning aytishicha, marhum A.Yu. Langar qishlog‘ida o‘g‘irlanayotgan chorva mollari o‘g‘irligida gumon qilingan. Qarindoshlarning ta’kidlashicha, marhum mol bozorida chorva mollari oldi-sotdisi bilan shug‘ullangan.

Marhumning akasi Shuhrat Abdurahmonov Langar qishlog‘iga borgan prokuratura vakillari marhumni IIB xodimlari urib o‘ldirganini ma’lum qilib, 2 nafar xodim qo‘lga olinganini aytgan.

Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan 23-yanvar kuni Chiroqchi tumani IIO FMB xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi (“Mansab vakolati doirasidan chetga chiqish”) va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harkatlari olib borilmoqda.

Tergov davomida jinoyatni sodir etishda gumon qilingan shaxslarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

“Ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi”, — deyiladi xabarda.