Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida yashovchi 32 yoshli erkak A.Yu. 22-yanvar, chorshanba kuni yashash uyidan tuman IIB xodimlari tomonidan olib ketilgan. 23-yanvar, payshanba kuni esa IIBdan murdasi chiqqan. Bu haqda “Daryo”ga xabar bergan marhumning yaqinlariga ko‘ra, A.Yu. IIB xodimlarining kaltaklashi oqibatida vafot etgan.

Foto: “Daryo”

Marhum yaqinlaridan Bahodir Xoliqovning aytishicha, marhum A.Yu. Langar qishlog‘ida o‘g‘irlanayotgan chorva mollari o‘g‘riligida gumon qilingan.

— 22 yanvar kuni soat chamasi 17:30 larda marhumning uyiga borgan IIB xodimlari uni tuman IIBga olib ketgan, — deydi Bahodir Xoliqov. — Ertasi kuni esa uning vafot etgani ma’lum bo‘lgan.

Marhumning akasi Shuhrat Abdurahmonov ukasini olib ketgan xodimlar 4 nafar kishi bo‘lganini, ammo ukasi nima sababdan olib ketilayotganini aytishmaganini bildirdi.

— 4 nafar IIB xodimi uyga keldi, — deydi Shuhrat Abdurahmonov. — Ularning 3 nafar formada edi, bir nafari esa fuqaro kiyimidagi xodim edi. “Mahalla idorasiga olib boramiz”, deyishdi. 23-yanvar kuni soat 11:00 da esa mahalla raisi Usmon Abdurahmonov kelib, ukam IIBda vafot etganini aytdi.

Qarindoshlarning ta’kidlashicha, marhum mol bozorida chorva mollari oldi-sotdisi bilan shug‘ullangan.

Shuhrat Abdurahmonovning aytishicha, Langar qishlog‘iga borgan prokuratura vakillari marhumni IIB xodimlari urib o‘ldirganini aytib, 2 nafar xodim qo‘lga olinganini ta’kidlagan.

Qashqadaryo IIB axborot xizmati “Daryo” muxbirining mazkur holat bo‘yicha so‘roviga javoban holat o‘rganilayotganini, ma’lumot berilishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 23-yanvar, payshanba kuni viloyat IIBda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Chiroqchi tuman IIB rahbari Fazliddin Yusupov tumanning Langar qishlog‘idagi mol o‘g‘riligida gumon qilinganlar to‘dasi qo‘lga olinganini aytgandi.