“Yuventus” yarim himoyachisi Sami Xedira jarohat sabab olti hafta mobaynida maydonga tusha olmaydi, deya xabar qilmoqda Sky Sport Italia.
Turinliklar klubi avvalroq 33 yoshli futbolchi son mushaklaridan jarohat olgani haqida ma’lum qilgandi. Shuningdek, jamoa himoyachisi Aleks Sandro ham jarohat olgan. Futbolchining 3 haftaga safdan chiqqani taxmin qilinmoqda.
Avvalroq “Yuventus” futbolchilari Jorjio Kyellini, Gonsalo Iguain va Aaron Remzi jarohat olgani xabar qilingandi.
Joriy mavsum Xedira “Yuventus” safida barcha musobaqalarda 18 o‘yin o‘tkazib, bitta golli uzatma muallifiga aylandi. Uning jamoa bilan amaldagi shartnomasi 2021-yilning yoziga qadar mo‘ljallangan va uni bir yilga uzaytirish mumkinligi haqidagi band mavjud.
Sandro esa 2019/20-yilgi mavsumda 33 o‘yinda ishtirok etdi va to‘rtta assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan. 29 yoshli braziliyalikning “Yuventus” bilan kelishuvi 2023-yil yozigacha amal qiladi.
“Yuventus” A Seriya 26-turidan so‘ng 63 ochko to‘plagan holda birinchi o‘rinda bormoqda. Ikkinchi o‘rindagi “Latsio” undan 1 ochko kam to‘plagan.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)