Chernogoriyada koronavirus pandemiyasining tarqalishiga Serbiya Kubogi doirasida 10-iyun kuni o‘tkazilgan “Partizan” va “Srvena Zvezda” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv sabab bo‘lgan deya taxmin qilinmoqda. Bu haqda Blic nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, ikki hafta oldin Chernogoriya koronavirus pandemiyasidan xoli hudud ekanligini e’lon qilgan. Biroq ushbu haftada mamlakatda kasallik yana tarqala boshladi.
Chernogoriya klinik markazi direktori Yevto Yerakovichning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda ro‘yxatga olingan to‘qqizta yangi holat chetdan olib kirilgan. Shu bilan birga, virusni yuqtirib olganlarning 7 nafari Belgraddagi o‘yinda ishtirok etgani aytilmoqda.
Shuningdek, Yerakovich yaqin kunlarda Chernogoriyada koronavirus bilan og‘rigan bemorlar sonining yanada ko‘payishi kutilayotganini ta’kidladi.
Serbiya kubogi yarim finali doirasidagi Belgrad derbisi “Partizan”ning 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Uchrashuvni bevosita stadiondan 16 ming tomoshabin kuzatib borgan.
Ma’lumot uchun, Chernogoriya Bolqon yarim orolining g‘arbida joylashgan davlat. U shimoli-sharqda Serbiya bilan chegaradosh, shu bois chernogoriyalik muxlislar Belgraddagi (Serbiya poytaxti) o‘yinni tomosha qilish uchun borgan.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)