Bundan 78 yil muqaddam, 1942-yil 13-iyunda AQSh prezidenti Franklin Delano Ruzvelt strategik idoralar xizmatini tashkil etish haqida qaror chiqardi. Oradan besh yil o‘tib, 1947-yilda bu tashkilot Markaziy razvedka byurosiga aylandi. Shu tariqa ko‘plab xavfli jinoyatchilarni tutish sahnalariga boy bo‘lgan kinolarda asosiy tashkilot sifatida harakat qiladigan, ommaviy madaniyat tufayli fitna nazariyasi tarafdorlarining fikricha barcha maxfiy xalqaro operatsiyalarni o‘tkazishga mas’ul bo‘lgan xavfsizlik xizmati tashkil topdi. “Daryo” dastavval ma’lumot yig‘ish bilan shug‘ullanadigan, keyinroq esa nafaqat AQShda, balki dunyo siyosatiga ham ta’sir etishga qodir bu tashkilot tarixi haqida hikoya qiladi.
MRB tarixi qanday boshlangan edi?
MRBning tashkil qilinishi tarixi 1942-yildan boshlanadi. O‘sha kezlarda AQSh hukumati razvedka faoliyati bilan shug‘ullanadigan markazlashgan tashkilot tuzishga ehtiyoj sezadi va shu tariqa Strategik xizmatlar boshqarmasi yuzaga keladi.Ikkinchi jahon urushi avj pallasiga chiqqan davr. AQSh prezidenti Franklin Delano Ruzvelt axborot yig‘ish ishlari bo‘yicha markazlashgan yagona tashkilot tuzishga qaror qiladi. Strategik xizmatlar boshqarmasi esa aynan shunday tashkilot edi. Prezident Ruzvelt “Yovvoyi Bill” taxallusiga ega uoll-stritlik yurist Uilyam Donovanga mazkur tashkilotga rahbarlik qilish vazifasini yuklaydi. Ikkinchi jahon urushi tugashi bilan 1945-yilning 20-sentabrida prezident Garri Trumen Strategik xizmatlar boshqarmasini tarqatib yuboradi va uning ayrim vakolatlarini Davlat departamentiga, AQSh Mudofaa vazirligiga olib beradi.
Uinston Cherchillning Fultondagi nutqidan so‘ng Sovuq urush nomi bilan tarixda qolgan davr boshlanadi. Vashingtonga esa razvedka va maxfiy operatsiyalarni o‘tkaza oladigan kuchli va markazlashgan tashkilotga zarurat tug‘iladi. Shu sababli 1946-yilda Markaziy razvedka guruhi tuziladi. 1947-yilning 26-iyulida AQSh maxsus xizmatlarining tamal toshi bo‘lgan “Milliy xavfsizlik tog‘risidagi qonun” qabul qilinadi. Aynan shu qonunga ko‘ra, AQShda 1947-yilning 18-sentabridan boshlab Milliy xavfsizik kengashi va Markaziy razvedka boshqarmasi tashkil topadi. MRBga bunda josuslik bilan ayg‘oqchilik bilan shug‘ullanish, milliy xavfsizlik va boshqa davlat manfaatlarini himoya qilishdek muhim vazifalar yuklanadi.
Vaqt o‘tgan sari MRB harbiy amaliyotlarda yashirin diplomatiya, xorijiy mamlakatlarning nodavlat notijorat tashkilotlariga bevosita ta’sir o‘tkaza oladigan institutga aylanadi.
Afg‘onistondagi proksi urush
MRBning tarixda eng mashhur operasiyalaridan biri “Siklon” nomi ostida Afg‘onistonda amalga oshiriladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, uning vazifasi SSSRga qarshi kurashayotgan afg‘on mujohidlarini harbiy qurol-aslahalar bilan ta’minlashdan iborat bo‘ladi. 1979-yilning dekabr oyida sovet qo‘shinlarining kichik kontingenti Afg‘oniston hududiga kiritilgach, MRB sovetlarga qarshi kuchlarni qo‘llash uchun bor imkoniyatdan foydalanadi. Maqsad esa Sovet Ittifoqi iqtisodiyotini Afg‘onistondagi qurolli to‘qnashuvlarga tortish evaziga zaiflashtirish bo‘ladi.MRB sovetlarga qarshi turli arab mamlakatlaridan yollanma askarlarni yollaydi va ularga “Stinger” deb nomlanadigan zenit raketalari majmuasini taqdim qiladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, MRBning “Siklon” maxfiy operatsiyasini moliyalashtirish uchun har yili 630 million dollar miqdorida mablag‘ ajratiladi. Agar mazkur operatsiyani keng ko‘lamda olib ko‘riladigan bo‘lsa, aynan MRB keyinchalik radikal tashkilotlardan biri bo‘lgan “Al-Qoida” tashkilotining unib o‘sishiga imkon beradi. Keyinchalik “Al-Qoida” AQSh tarixida dahshatli voqea sifatida tarixda qolgan 2001-yil 11-sentabr voqealariga olib keladi.
Gollivudlik kinoshunoslar uchun tayyor sujetga aylangan “Argo operatsiyasi”
MRB ko‘pincha noqonuniy usullar bilan AQShning tashqi dushmanlariga qarshi kurashar, shu boisdan ba’zida MRB o‘z imijini yaxshilab olish uchun AQSh kinosanoati markazi Gollivud bilan ham hamkorlik qilar edi. Misol uchun, 2012-yilda MRB bilan hamkorlikda suratga olingan “Argo operatsiyasi” kinosanoatining eng nufuzli mukofotlaridan biri — Oskar mukofotini qo‘lga kiritadi. Mazkur film uchta Oskar haykalchasini olishga erishadi. Kino voqealari, asosan, MRB yordamida 1980-yilda Erondagi olti nafar amerikalik diplomatning evakuatsiya qilinishi voqealarini ochib berishga muvaffaq bo‘ladi. 1979-yilning noyabr oyida eronliklar va radikal talabalar rasmiy Vashingtonning shoh Muhammad Rio Pahlaviyni qo‘llagani bois AQShning Tehrondagi elchixonasini ishg‘ol qiladi.Xalqaro konvensiyalarni buzgan holda eronliklar AQSh elchixonasiga bostirib kiradi va elchixona xodimlari asirga olinganini e’lon qiladi. Olti nafar amerikalik diplomat esa boshqa binoda bo‘lgani bois asirga tushishdan qutulib qoladi. Eron hududida bir necha kunlik qochdi-qochdilardan so‘ng Kanada diplomatik vakolatxonasidan boshpana topadi. Shundan so‘ng MRB asirga olingan va Kanada elchixonasidan boshpana topgan amerikalik diplomatlarni ozod qilish ishlariga kirishib ketadi.
MRB amerikalik diplomatlarni mamlakatdan olib chiqish uchun Toni Mendesni bosh qilib tayinlaydi. Toni Mendes esa bunday ishlarda ustasi farang edi. U Tehronga boradi va unga amerikalik diplomatlarni Kanada pasporti asosida Eron hududidan olib chiqib ketish topshirig‘i yuklanadi. Tehronga Erondan chiqishga ruxsat beruvchi muhr bosilgan Kanada pasportlari yuboriladi va shu tarzda diplomatlarni inqilob avj olgan mamlakatdan olib chiqish muvaffaqiyatli amalga oshadi.
Lengli sir saqlashga uringan maxfiy operatsiyalar
MRB tarixida muvaffaqiyatli maxfiy operatsiyalar bilan bir qatorda ayg‘oqchilik tashkilotining obro‘siga putur yetkazadigan, jamoatchilikning tanqidlariga sabab bo‘ladigan operatsiyalar ham mavjud. “MK-Ultra” operasiyasi shunday maxfiy topshiriqlardan biri sanaladi. “Ultra” so‘zining o‘zi mazkur operatsiya nihoyatda maxfiy ekanidan, bu amaliyot haqida nihoyatda tor doiradagi yuqori lavozimli shaxslar xabardor ekanidan dalolat.1953-yilda “MK-Ultra” doirasida boshlangan tadqiqotlar MRB xodimlarining LSD psixotrop moddalarining inson xulq-atvoriga ta’sir qilishini o‘rganishdan iborat edi. Bu amaliyot jarayonida ayg‘oqchilik xizmati gipnoz, insonni uyqudan mahrum qilish, uni haqorat qilish va uzoq muddatga tashqi dunyodan uzib qo‘yish qanday ta’sir qilishini o‘rganish edi. Mazkur tadqiqotni o‘tkazish uchun MRB ko‘plab tadqiqot institutlarini, tibbiyotchilarni va qamoqxonalarni ishga soldi. Ko‘pincha mazkur tadqiqotlar subyekti sifatida ozodlikdan mahrum qilinganlar yoki fohishalar tanlab olinar edi.
Natijada tadqiqot qurbonlari psixotrop moddalar qabul qilayotganini ham bilmay hayotdan ko‘z yumardi, bu esa inson huquqlarini buzadigan amaliyot sifatida tarix sahifalaridan joy oldi. Mazkur operatsiya 20 yil mobaynida davom etdi. 1973-yilda “Uotergeyt” bilan bog‘liq janjal avj olib ketgach, MRB direktori Richard Xelms “MK-Ultra” bilan bog‘liq barcha maxfiy hujjatlarni yo‘q qilishga, OAV qo‘liga tushib qolmaslikka buyruq berdi. Sababi “Uotergeyt” ishi doirasida “MK-Ultra” bilan bog‘liq maxfiy ma’lumotlar amerikaliklarga oshkor bo‘lib qolish xavfi bor edi.
Millat va konstitutsiyaga qarshi chiqqan MRB
MRB faoliyatida amerikaliklardan unumli foydalanish mazkur tashkilotning qo‘poruvchilik faoliyatlaridan biridir. Qonunchilikda esa bunday xatti-harakat taqiqlanadi. Ammo MRB ayg‘oqchilik xizmati vakillari amerikaliklarni ham ayg‘oqchilik qilishga da’vat etishi aniqlangan holatlar mavjud. Bunday amaliyotlar, ayniqsa, XX asrning 60-yillarida “Xaos” nomi bilan mashhur edi. Mazkur operatsiya oirasida MRB amerikaliklarning urushga qarshi faoliyatini o‘rganardi.Hattoki, MRB alohida ishki ishlar bilan shug‘ullanuvchi qo‘mita ham tashkil qiladi. Mazkur operatsiyaning muvaffaqiyatli kechishiga ishongan prezident Lindon Jonson 1965-yilda amerikaliklarni ham ayg‘oqchilik xizmatiga yollash bo‘yicha buyruq beradi. Shu tariqa MRB rasmiy ravishda AQShdan Sovet Ittifoqiga yoki Xitoyga va u yoqdan AQShga yuborilayotgan jo‘natmalarni ko‘zdan kechirishga, mamlakat ichkarisidagi norozilik namoyishlari ichiga kirish va vaziyatni o‘rganish, tahlil qilish, universitetlar ma’muriyatidagi hukumatga muxolifotda bo‘lgan guruh va to‘dalarni aniqlash kabi vazifalarga ega bo‘ladi. Bu esa MRB o‘z ishining Amerika millatiga qarshi qaratilgan siyosati edi.
Hokimiyat tepasiga Richard Nikson kelgach MRB sayohat qilayotgan amerikaliklar ustidan to‘la nazorat o‘rnatish imkoniga ega bo‘ldi. MRBning xorij mamlakatlaridagi ayg‘oqchilari Lengliga har bir amerikalik qayerda tunayapti, kim bilan muloqotda ekani haqida ma’lumotlarni yetkazib berish bilan shug‘ullandi. Biroq “Uotergeyt” janjali sabab MRB mazkur faoliyatga chek qo‘yishga to‘g‘ri keldi.
Biroq Lenglining vakolatlari mustahkamlanishi 1981-yil 4-dekabrda prezident Richard Niksonning №12333 sonli farmoni bilan yana kuchaydi. Mazkur farmonga binoan, MRB vakolatlari ancha kengaydi va AQSh federal hukumati MRB istagan paytda ma’lum bir axborotni talab qilgan taqdirda darhol berishini nazarda tutardi. Huquqshunoslar nazarida aynan shu farmon MRBga ham xorijda, ham AQSh ichkarisida keng ko‘lamli ayg‘oqchilik ishlarini boshlab yuborishiga turtki berdi.
Keyinchalik mazkur vakolat doirasida amalga oshirilgan maxfiy harakatlar WikiLeaks va Edvard Snouden ishi doirasida jamoatchilikka oshkor bo‘lib qoldi. WikiLeaks guruhi rahbari Julian Assanj 2013-yilda MRBning maxfiy xizmatlariga doir 400 gegabaytga yaqinroq bo‘lgan fayllarni o‘zining Facebook’dagi sahifasida e’lon qildi va agar foydalanuvchilar shifrlangan ma’lumotlarni o‘qishga qiynalsa, ularga kod ham berilishini ma’lum qildi.
Mazkur e’lon qilingan maxfiy fayllar natijasida AQSh jahon hamjamiyati oldida o‘zining “yuzini” yo֥‘qotdi va bir qator diplomatik nizolar qurshovida qoldi. Xususan, MRB o‘zining NATOdagi ittifoqchisi Germaniya amaldorlari ustidan kuzatish olib borgani va ularning maxfiy suhbatlarini tinglagani ulkan siyosiy mojaroni keltirib chiqardi. Germaniya fuqarolari AQSh elchixonasi tashqarisida “AQSh Germaniyani tinch qo‘y”, “MRB nemislarni kuzatishdan to‘xta” shiorlari ostida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi.
O‘tmishga nazar solsak, MRB ham mamlakat ichkarisida, ham mamlakat tashqarisida muvaffaqiyatli, ham muvaffaqiyatsiz yakunlangan bir qator maxfiy amaliyotlarni amalga oshirgan. Kubaga AQShning bostirib kirishi, Sovuq urush paytida Lockheed U-2 ayg‘oqchi uchog‘ining Sovet Ittifoqining Sverdlovsk hududida urib tushirilishi va amerikalik uchuvchi Frensis Geri Pauersning 1960-yilda qamoqqa olinishi (Sovet Ittifoqi Geri Pauersni 10 yil muddatga josuslik qilganlikda ayblaydi va XVIII asrda tashkil qilingan xavfli jinoyatchilar jazo o‘taydigan Vladimir shahridagi №1 SIZOga joylashtiradi), Fransiya prezidenti De Gollga suiqasd, Gvatemaladagi davlat to‘ntarishi, Laos, Eron, Kongo kabi mamlakatlardagi qonli mojarolarda Lengli qo‘li borligi ta’kidlanadi.
Bugungi MRB
Hozirda AQShning ayg‘oqchilik xizmati bilan shug‘ullanadigan MRB tashkiloti isloh qilindi va isloh qilinishda davom etmoqda. Hozirda MRBning vakolatlari doirasi quyidagilardan iborat:- MRB rahbariyati bugunda politsiya, huquqni muhofaza qilish, sudga chaqirish, ichki xavfsizlikni ta’minlash kabi vakolatlarga ega emas, tashkilot, asosan, AQShga tashqi tarafdan keladigan xavflarni tahlil qilish bilan shug‘ullanadi;
- ehtimoliy tashqi xavflarning ko‘lamini aniqlaydi va chin xavf tug‘ilganda tegishli darajadagi xavfszlikka javobgar tashkilotlarni mazkur xavfdan xabardor qiladi;
- AQShdagi turli tashkilotlar bilan hamkorlikda AQSh xavfsizligiga doir ma’lumotlarni umumlashtiradi va tahlil qiladi;
- milliy xavfsizllikka doir boshqa ayg‘oqchilik xizmatlarini amalga oshiradi;
- eng so‘nggi texnologiyalarni AQSh xavfsizligi uchun ishlatishda tashabbus ko‘rsatadi.
Qiziqarli faktlar:
- Fransuz yozuvchisi Jerar de Vilyaning “SAS” turkumidagi asarlarining barchasi MRBning turli davlatlardagi maxfiy amaliyotlariga bag‘ishlanadi. Asardagi amaliyotlarning aksarlari to‘qima sujet asosiga qurilgan;
- MRB sovuq urush paytida SSSRga qarshi kurashish uchun 20 million dollarga baholangan ayg‘oqchi mushuk yaratgan;
- AQShning Germaniyadagi Frankfurt shahrida joylashgan konsulxonasida MRBning maxfiy xakerlari faoliyat yuritgan;
- 1950—1960-yillarda MRB nazoratidagi uchoqlar bir necha bor Xitoy ustidan uchib o‘tib, Xitoyning maxfiy obyektlarini rasmga olgan. Xitoy tarafi AQShga bir necha marotaba so‘nggi chora ko‘raman deb ogohlantirish yuborgan. Tarixda bu jiddiy oqibatlarga olib kelmaydigan “Xitoyning so‘nggi chorasi” iborasining paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan.
MRB haqidagi eng mashhur kinolar
- “Xatolar hisobi” — Skott Byornsning tarixiy voqealar asosida suratga olingan filmi. Mazkur film AQShda 2001-yil 11-sentabrda amalga oshirilgan teraktlar va terakt aybdorlarini aniqlashda MRBning shafqatsizlik bilan olib borgan tergov jarayonlari batafsil yoritiladi;
- “Vatan” serialida dengiz kuchlari serjanti Nikolas Brodi ko‘p yillik Iroqdagi asirlikdan so‘ng vatani AQShga qaytadi. Ammo MRB ayg‘oqchisi Keri Matison iroqliklar Nikolasni shunchaki qo‘yib yuborganiga ishonmaydi va uni mamlakatda katta qo‘poruvchilik amalga oshirishda gumon qilishadi;
- “Argo operatsiya” — 1979-yilda Tehronda yuz bergan Islom inqilobi voqealariga bag‘ishlanadi. Filmda MRB xizmati vakillari olti nafar AQSh diplomatini Eron hududidan olib chiqib ketish voqealari tasvirlanadi.
Izoh (0)