Olmaliqda 30 kishidan oshmagan holda to‘ylar o‘tkazish boshlandi. Bu haqda respublika, viloyat va Olmaliq shahridagi yangiliklar, tadbirlar, e’lonlar va boshqa xabarlar e’lon qilinuvchi Telegram kanalda ma’lum qilindi.
“Mavjud vaziyatni yoshlarimiz ham to‘g‘ri qabul qilib, karantinga rioya qilgan holda nikohdan o‘tishmoqda”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida 23-martdan boshlab to‘y-marosimlarning o‘tkazilishi bekor qilingan edi. Respublika maxsus komissiyasining 30-maydagi qarori bilan amaldagi karantin talablari 2020-yil 15-iyunga qadar uzaytirildi va “yashil” hududlarga oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishga ruxsat berildi.
Bunda oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni fuqarolarning uy-joyi va hovlisining o‘zida 30 kishidan ko‘p bo‘lmagan (faqat yaqin qarindoshlar va ushbu tuman hududida istiqomat qiluvchi boshqa qarindoshlar) hamda sanitariya va gigiyena talablariga qat’iy rioya etgan holda o‘tkazishga ruxsat beriladi.
O‘z navbatida karantin davrida oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishning belgilangan talablarini buzgan shaxslar epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
Izoh (0)