2020-yil yanvar—aprel oylari yakuni bo‘yicha O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi (TSA) 10,8 milliard AQSh dollarini tashkil etib, 2019-yilning mos davriga nisbatan 1,2 milliard dollarga yoki 10,7 foizga kamaydi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarda keltirilgan.
Ta’kidlanishicha, TSAda eksport hajmi 4,4 milliard AQSh dollariga (10,6 foizga kamaydi) va import hajmi 6,4 milliard dollarga yetgan (10,8 foizga kamaydi). Hisobot davrida 1,9 milliard dollar qiymatida passiv tashqi savdo balansi qayd etilgan.
O‘zbekiston, jahonning 150 dan ortiq mamlakatlari bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. Tashqi savdo aylanmasining nisbatan salmoqli hissasi Rossiyada (16,7 foiz), Xitoyda (16,6 foiz), Qozog‘istonda (8,3 foiz), Janubiy Koreya (7,4 foiz), Turkiya (5,6 foiz), Qirg‘iziston (2,0 foiz) va Germaniyada (2,0 foiz) qayd etilgan.
Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 20 ta yirik hamkor-davlatlar orasidan oltita davlatda faol tashqi savdo balansi kuzatilgan, xususan, Afg‘oniston (213,7 million dollar), Qirg‘iziston (138,8 million dollar), Tojikiston (93,7 million dollar), Turkiya (42,8 million dollar), Fransiya (23,6 million dollar) va Eron (8 million dollar) shular jumlasidandir. Qolgan 14 ta davlat bilan passiv tashqi savdo balansi saqlanib qolmoqda.
2020-yil yanvar—aprel oylarida, tashqi savdo aylanmasida MDH davlatlarining ulushi 35,1 foizni tashkil etib, tashqi savdo aylanmasidagi 2018-yilga nisbatan ulushi 3,1 foizga oshgan.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning birinchi choragida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 8,14 milliard dollarni tashkil qilgandi.
Izoh (0)