Jahon banki ishtirokida “O‘zbekistonda koronavirus COVID-19 infeksiyasiga shoshilinch choralar ko‘rish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha Prezident qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Qaror loyihasi bo‘yicha Jahon banki tomonidan “O‘zbekistonda koronavirus COVID-19 infeksiyasiga shoshilinch choralar ko‘rish” loyihasini amalga oshirish uchun 30 yil muddatga 5 yillik imtiyozli davri bilan jami 95 million AQSh dollari miqdoridagi qarz mablag‘larini ajratish ma’qullangan.
Loyiha O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash, karantin tadbirlari amal qilishi davrida kam ta’minlangan oilalar va ishsizlarga vaqtinchalik nafaqalar berish tizimini kengaytirishni ko‘zda tutadi.
Jumladan, qaror bilan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga loyiha doirasidagi mablag‘lar hisobidan ishsizlik bo‘yicha bir martalik nafaqalarning manzilli ajratilishini ta’minlash vazifasi yuklatilmoqda.
Moliya vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi Xalqaro taraqqiyot uyushmasi (XTU)ning kreditidan maqsadli foydalanish va loyihani samarali amalga oshirish uchun mas’ul ijro etuvchi vazirliklar hisoblanadi.
Ijro etuvchi vazirliklar huzurida tashkil etilgan “Institutsional salohiyatni yuksaltirish” loyihasini amalga oshirish hamda “Shoshilinch tibbiy yordamni takomillashtirish” loyihasini amalga oshirish guruhlari zimmasiga mos ravishda qo‘shimcha 2 va 4 shtat birliklari qo‘shish orqali loyihani amalga oshirish, 2 yil davomida loyiha doirasida amalga oshiriladigan ishlar va xizmatlarni muvofiqlashtirish shuningdek, loyihaning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash, XTU talablariga muvofiq ravishda mablag‘lar sarfini boshqarish va hisobini yuritish javobgarligi yuklatiladi, deyilgan qaror loyihasida.
Qaror loyihasida 11,75 million AQSh dollarini, jumladan, 6,88 million dollar miqdoridagi soliq imtiyozlari va 4,87 million dollar investitsion davr mobaynidagi Respublika budjetidan amalga oshiriladigan to‘lovlarning tashkil etilishi inobatga olinishi ko‘zda tutilgan.
Hujjat loyihasining portaldagi muhokamasi 22-maygacha davom etadi.
Mavzuga doir:
- Jahon banki O‘zbekistonga koronavirusga qarshi kurash uchun 95 mln dollar ajratdi
- XVJ koronavirusga qarshi kurashda O‘zbekistonga ajratadigan krediti uchun qo‘shimcha shart qo‘ymasligi ma’lum qilindi
- Shavkat Mirziyoyev koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi
Izoh (0)