Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Qashqadaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Akrom Aripov Qarshi tuman hokimiga o‘rinbosar bo‘ldi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat hokimligi axborot xizmati ma’lum qilmoqda.
Aytilishicha, Akrom Aripovning o‘rniga boshqarmaga Fayzulla G‘ulomov rahbar etib tayinlangan. G‘ulomovning ushbu lavozimga tayinlanishi xalq deputatlari viloyat kengashining VI chaqiriq to‘rtinchi sessiyasida ma’lum qilingan.
Ta’kidlanishicha, ayni paytga qadar “Qashqadaryo agroservis MTP” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori vazifasida ishlab kelgan Fayzulla G‘ulomov viloyat kengashi deputatligidan voz kechib, Agroinspeksiya boshlig‘i lavozimini egallagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil boshida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda chiqish qilgan Akrom Aripov Nishon tumanida o‘zgalar mulki bo‘lgan qo‘ylarni Qashqadaryo hokimi topshirig‘iga ko‘ra so‘yib, kam ta’minlangan fuqarolar va ustalarga tarqatayotganini aytgandi. Viloyat hokimligi esa mazkur holatni inkor qilgandi.
Izoh (0)