Markaziy harbiy okrugiga qarashli Navoiy garnizonida ham Prezidentning maxsus topshirig‘idan keyin katta masshtabdagi dezinfeksiya ishlariga start berildi. Bu haqda “Daryo”ga Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur tadbir Mudofaa vazirligi va okrug qo‘mondonligi rahbarligida har kuni soat 07:00 dan boshlanib, unga viloyat va tumanlarda parallel ravishda 200 ga yaqin maxsus texnikalar jalb qilinmoqda.
Karantin va o‘zini izolyatsiya qilish choralari qo‘llangan bir paytda viloyatdagi minglab ko‘chalar, xiyobonlar, magistral yo‘llar hamda ko‘pqavatli bino atroflari okrug radiatsion kimyoviy-biologik muhofaza bo‘linmalari hamda Kuchishlatar tuzilmalar hamkorligida maxsus taktik mashg‘ulotlar ko‘rinishida “ko‘rinmas yovga qarshi” samarali kurash olib borilmoqda.
Navoiy viloyati mudofaa ishlar boshqamasi va tuman bo‘limlari ko‘magida 600 ga yaqin ko‘ngilli chaqiriluvchilardan iborat yig‘ma otryadlar koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishda faollik ko‘rsatmoqda.
Bundan tashqari, blokpostlarda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Har bir postda haydovchilarning tana harorati tekshirilmoqda. Maxsus jihozlangan postlar va karantinga olingan obyektlar kuniga ikki marta dezinfeksiya qilinmoqda.
Ma’lumot uchun, Markaziy harbiy okrug tasarrufiga Samarqand, Jizzax hamda Navoiy viloyatlardagi harbiy qismlar kiradi.
Izoh (0)