O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-aprel, dushanba kuni, geologiyada amalga oshirilayotgan ishlar tahlili va galdagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi yerlarini suv bilan ta’minlash masalasi ham muhokama qilindi. Xususan, quduqlar qazish uchun har bir tumanga maxsus texnikalar yetkazilishi belgilangan.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi uch yilda yerosti suvlarini monitoring qilish va kadastrini yuritish takomillashtirildi. 250 ta kuzatuv qudug‘ida yerosti suvi parametrlarini masofadan avtomatik o‘lchash qurilmalari o‘rnatildi.
Yig‘ilishda 3 ming gektarga suv chiqarish uchun 70 ta quduqni burg‘ilash bo‘yicha vazifa qo‘yildi. Shuningdek, 2020-yilda 200 ta yangi quduqda suv sarfini, 400 ta quduqda yerosti suv sathini onlayn monitoring qiladigan tizim joriy etish hamda yerosti suvlari interaktiv xaritasini yaratish zarurligi ta’kidlandi.
Geologiya rivojida fundamental, ilmiy, innovatsion va amaliy tadqiqotlarning o‘rni katta. Shu bois yil yakunigacha 2,5 ming kvadrat kilometr maydonni kosmik tasvirlar orqali, 5 ming kvadrat kilometr maydonni aerogeofizika usuli orqali geologik o‘rganish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 24-aprel, juma kuni, o‘tkazilgan yig‘ilishda Farg‘ona va Qashqadaryoda foydalanishdan chiqqan va lalmi yerlarda quduq qazib, aholiga bo‘lib berish zarurligini qayd etgandi. Buning uchun Farg‘onaga 15 milliard so‘m, Qashqadaryoga 11 milliard so‘m ajratilgan. 22-aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda esa Navoiy viloyatida “Har bir yoshga bir gektar” loyihasi doirasida yoshlarga 840 gektardan ziyod bo‘sh yotgan yer maydonlari ajratib berilgani, ularni sug‘orish uchun 11 ta yangi quduq qazilgani ma’lum qilingandi. Shuningdek, quduq qazib, 26 ming gektar maydonda tashkil etiladigan bog‘, tokzor va issiqxonalarda 52 ming, ipakchilik tarmog‘ida 785 ming, qurilish va infratuzilma sohasida 75 ming ta yangi ish o‘rni yaratish mumkinligi qayd etilgandi.
Izoh (0)