Koronavirusdan sog‘aygan britaniyalik aktyor Idris Elba BMT bilan hamkorlikda chekka hududlarda yashovchi aholiga koronavirus pandemiyasi bilan kurashishda yordam beruvchi jamg‘armaga asos soldi, deb yozadi The Hollywood Reporter.
Aktyorning so‘zlariga ko‘ra, kam daromad topadigan va chekka hududlarda yashaydigan aholi ko‘pincha e’tibordan chetda qoladi.
“Tasavvur qiling, siz nomini hech kim bilmaydigan chekka qishloqda, bitta xonasida olti kishi turadigan uyda yashaysiz. Bunday sharoitda ijtimoiy masofalanishning iloji yo‘q”, — deydi Elba.
Shuningdek, Elbani qashshoq Afrika mamlakatlari koronavirus pandemiyasini qanday o‘tkazishi tashvishga solmoqda.
O‘zi va rafiqasining kelib chiqishi Afrikaga borib taqaladi. Pandemiyaga qadar ular Afrikaga xayriya maqsadida borib kelgan edi.
Hozir aktyor va uning rafiqasi koronavirusni boshdan kechirgan Nyu-Meksikoda yashayapti. Biroq ular imkon bo‘lishi bilan Londonga ketishni rejalashtirmoqda.
“O‘ylashimcha, dunyo mamlakatlari har yili karantin haftaligini o‘tkazib, mana shu davrni, bir-birini eslashi kerak”, — deydi Elba.
Izoh (0)