Londonning “Chelsi” klubi sobiq darvozaboni Piter Bonetti vafot etdi. Bu haqda klub rasmiy sayti ma’lum qildi.
Bonetti 78 yoshida olamni tark etdi. O‘limga sabab qilib uzoq davom etgan kasallik ko‘rsatilgan. “Chelsi” klubi Piterning oilasi va yaqinlariga hamdardlik bilbirgan.
Bonetti 1960—1979-yillari “Chelsi” safida to‘p surgan. U klub tarixida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan ikkinchi futbolchi hisoblanadi. Darvozabon “aristokratlar” safida 729 o‘yin o‘tkazgan. Piter bu borada faqat Ron Harrisdan ortda qoladi (795).
Bonetti “Chelsi” bilan Angliya Liga Kubogi va Kubok egalari Kubogida zafar quchgan. U shuningdek, AQShning “Sent-Luis Stars”, Shotlandiyaning “Dandi Yunayted” va Angliyaning “Uoking” klublarida harakat qilgan. Angliya terma jamoasi safida esa yetti o‘yin o‘tkazgan.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)