AQShda o‘tgan bir sutka ichida koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon eng yuqori o‘lim holati qayd etildi — 2 mingdan ortiq bemor vafot etdi. Bu haqda Jons Hopkins universiteti ma’lumotlarida keltirilgan.
Mamlakatda koronavirus oqibatida vafot etganlar umumiy soni 18 693 kishiga yetdi. AQSh qurbonlar soni bo‘yicha dunyoda Italiyadan keyin (18 849) ikkinchi o‘rinda ketmoqda. Eng ko‘p o‘lim holati Nyu-York shahrida qayd etilgan (5820), shuningdek, Nyu-York va Nyu-Jersi shtatlarida ham vaziyat jiddiy tus olgan.
AQShda koronavirus bilan kasallanganlar soni 500 ming kishidan oshib ketdi, bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Kasallanganlarning 28 837 nafari davolanishga muvaffaq bo‘lgan. Avvalroq AQSh vitse-prezidenti Maykl Pens mamlakatning ba’zi yirik shaharlarida koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanayotganini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, 8-aprel kuni AQShda bir sutka ichida 1965 bemor vafot etib, antirekord yangilangandi. 9-aprel kuni esa koronavirus qurbonlari soni 1904 kishini tashkil etdi.
Izoh (0)