O‘zbekistona tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislikka oid bo‘lmagan fanlar 2 baravar qisqartiriladi va o‘rniga zamonaviy diagnostika va davolash usullarini o‘rganish fanlari kiritiladi.
Bu haqda Prezident tomonidan imzolangan “Tibbiy-sanitariya sohasida kadrlarni tayyorlash va uzluksiz kasbiy rivojlantirishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
Shuningdek, respublikada vrachlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlar uchun 2020/2021-o‘quv yilida bakalavriat va magistraturaga davlat granti asosida o‘qishga qabul parametrlari 50 foizgacha oshiriladi.
Hududlarning shifokorlarga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqqan holda tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bakalavriatning “Davolash ishi”, “Pediatriya ishi” va “Kasbiy ta’lim (davolash ishi)” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha davlat granti asosida o‘qishga qabul ko‘rsatkichlari doirasidagi maqsadli qabul parametrlari tuman (shahar)lar kesimida shakllantiriladi.
Yuqoridagi yo‘nalishlar bitiruvchilari yashash bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyidan qat’i nazar davlat granti asosida maqsadli qabul parametrlarida ko‘rsatilgan tuman (shahar)da kamida 5 yil ishlab berishi lozim bo‘ladi.
Avvalroq O‘zbekistonda tibbiyot kollejlari Ibn Sino nomidagi salomatlik texnikumlariga aylantirilishi xabar berilgan edi.
Izoh (0)