Rossiya savdo tarmoqlarida mahsulotlarning narxi 15-20 foizga o‘sishi mumkin. Bu haqda “Rusprodsoyuz” ijrochi direktori Dmitriy Vostrikovga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
Qayd etilishicha, narxlarning oshishi yaqin ikki hafta ichida, koronavirus pandemiyasi va valyuta kurslari tebranishi fonida yirik yetkazib beruvchilarning xarid narxlarini qayta ko‘rib chiqishi sababli yuz berishi mumkin.
Xususan, import qilinadigan choy, kofe, kakao va bir qator konservalangan mahsulotlarning narxi dollar kursiga bevosita bog‘liqligi sababli ular 20 foizga qimmatlashishi mumkin. Makaron mahsulotlarining narxi 5-15 foizga oshishi mumkin. Tashuvchi kompaniyalarning xarajatlari oshishi sababli non va boshqa mahsulotlarning narxi oshishi ham kutilmoqda.
Vostrikovning so‘zlariga ko‘ra, ishlab chiqaruvchilar savdo tarmoqlarini o‘zgarishlar haqida ogohlantirgan hamda narxlarni birdaniga emas, balki ikki bosqichda oshirishni taklif qilgan. Uning qayd etishicha, monopoliyaga qarshi kurash bo‘yicha federal xizmat yetkazib beruvchilarning takliflarini o‘rganib chiqqan, shuning uchun ularni spekulyativ deb baholab bo‘lmaydi.
Avvalroq Alisher Usmonovning kompaniyasi Rossiyada koronavirusga qarshi kurash uchun 2 milliard rubl ajratishi haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)