Saudiya Arabistonida koronavirusga chalinganlar soni 1203 nafarga yetdi. Bu haqda podshohlik Sog‘liqni saqlash vazirligiga asoslanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
“Koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq 99 ta yangi holat aniqlandi. Yangi bemorlarning 10 nafari chet elda bo‘lib qaytgan. Kasallanganlarning umumiy soni 1203 nafarni tashkil etmoqda”, — dedi vazirlik rasmiy vakili Muhammad Abdulali.
Uning so‘zlariga ko‘ra, poytaxt Ar-Riyodda koronavirusga chalingan bemor vafot etgan, u, shuningdek, boshqa surunkali kasalliklardan ham aziyat chekardi. Shunday qilib, Saudiyada koronavirusdan vafot etganlar soni to‘rt nafarga yetdi.
Avvalroq Saudiya Arabistonida koronavirus epidemiyasi sababli komendantlik soati joriy etilgani, shuningdek, Makkadagi al-Haram va Madinadagi Nabaviy masjidlarida namoz o‘qish vaqtincha to‘xtatilgani haqida xabar berilgan edi.
Ma’lumot uchun, 28-mart Toshkent vaqti bilan soat 21:00 holatiga ko‘ra O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 104 nafarni tashkil etmoqda, ikki bemor esa vafot etgan.
Izoh (0)