Uzbekistan Airways mamlakat ichidagi barcha aviaqatnovlarni bekor qildi. “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ esa Toshkent shahriga respublikaning barcha hududlaridan kirish va Toshkent shahridan respublikaning barcha hududlariga chiqishni har qanday transport vositalarida 2020-yilning 24-mart kuni soat 00:01 dan boshlab to‘xtatish bo‘yicha qarori kompaniyaning yo‘lovchi tashish faoliyatiga ham tatbiq etilib, rejadagi reyslar bekor qilinganini xabar bergan.

Foto: “Daryo”

Uzbekistan Airways aviakompaniyasi mijozlardan ushbu vaziyatni tushunishni so‘ragan, shuningdek, qatnovlar qayta tiklanganidan keyin aviachiptalarni istalgan sanaga qayta bron qilish imkoniyati mavjudligi haqida eslatib o‘tgan.

“Sizga keyingi o‘zgarishlar haqida xabar berib turamiz. Yangiliklarni Uzairways.com veb-sayti, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring”, — deyilgan aviakompaniya ma’lumotida.

“Xarid qilingan chiptalar temiryo‘l kassalarida qaytarib olinadi hamda chipta pullari hech qanday foiz ushlanmasdan, o‘rnatilgan tartibda va belgilangan muddat ichida qaytarib berilishi kafolatlanadi. Elektron chiptalarni esa https://e-ticket.railway.uz saytidagi “shaxsiy kabinet” orqali qaytariladi”, – deyiladi “O‘zbekiston temiryo‘llari” AK rasmiy axborotida.

Ta’kidlanishicha, temiryo‘l qatnovlari Toshkent shahridan boshlanishi hisobiga boshqa hududlar orasidagi qatnovni ham amalga oshirishning imkoniyati yo‘q.

Yo‘lovchi poyezdlarning harakati yo‘lga qo‘yilishi haqida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning rasmiy sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon beriladi.

Ushbu tartib kompaniyaning temiryo‘l orqali yuk tashish faoliyatiga ta’sir qilmaydi.

Avval IIV viloyatlararo postlar faoliyati vaqtincha qayta tiklanishini ma’lum qilgani, vodiyliklar respublikaning boshqa viloyatlariga Bo‘ka—Guliston yo‘li orqali borishlari mumkinligi, O‘zbekistonda 24-martdan boshlab dehqon bozorlaridan tashqari barcha bozorlarning faoliyati to‘xtatilishi, O‘zbekistonda koronavirus yuqtirganlardan mobil telefonlar olib qo‘yilishi, shuningdek, karantin sharoitida internet va telefon aloqasi uchun to‘lovlar kechiksa ham tarmoqdan uzib qo‘yilmasligi haqida xabarlar berilgan.