Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati viloyat hududida hamshira koronavirus yuqtirib olgani haqidagi xabarlarni yolg‘on deb atadi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmatining Telegram’dagi sahifasida xabar qoldirilgan.

Avvalroq Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmatiga tayanib, Toshkent viloyatida bemorlarni davolayotgan hamshira koronavirus yuqtirib olgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Viloyat IIBB matbuot xizmati ushbu axborotni viloyat hokimligi axborot xizmatidan olgan.

Hokimlikning koronavirus tarqalishiga qarshi ishlar to‘g‘risidagi 23-martdagi dastlabki rasmiy ma’lumotida hozirgacha viloyatda to‘qqiz kishida koronavirus aniqlangani, bemorlarning to‘qqizinchisi hamshira ekanligi ma’lum qilingan edi. Hokimlik axborotida u aynan qayerda hamshiralik qilgani aytilmagan.

23-mart kuni soat 19:50 da viloyat hokimligining Telegram kanalida shunday axborot paydo bo‘ldi: “Toshkent viloyatida hamshira koronavirusni yuqtirib olgani haqidagi ma’lumot tasdiqlanmadi, bu mazmundagi xabarlar yolg‘on. Hurmatli bloger va jurnalistlar, yuzaga kelgan holat uchun uzr so‘raymiz hamda ayni mazmundagi xabarlarni tarqatmasligingizni iltimos qilamiz”.

Viloyat hokimligining aniqlik kiritishicha, to‘qqizinchi bemor hamshira ekani haqidagi axborot manbasi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi xodimlari bo‘lib, ular texnik xatoga yo‘l qo‘ygan. Ayni vaqtda to‘qqizinchi bemorga oid yangi tafsilotlar ma’lum qilinmagan.

Hokimlikning 23-mart kuni koronavirus tarqalishiga qarshi qilingan ishlar to‘g‘risidagi rasmiy axboroti soat 20:06 da tahrirlangan holda takroran e’lon qilingan — tahrirlangan axborotdan viloyat hududidagi koronavirusga chalingan bemorlar haqidagi ma’lumot olib tashlangan.

Ma’lumot uchun, avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus epidemiyasi vaqtida yolg‘on, aholi orasida vahima keltirib chiqaruvchi xabar tarqatgan OAV va blogerlarni javobgarlikka tortishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilgan edi. Vazirlikning bu tashabbusi jamoatchilik tomonidan e’tirozlar bilan kutib olingan, ayni vaqtda mavjud vaziyat haqida o‘z vaqtida haqqoniy axborot bermagan, noaniq yoki yolg‘on axborot bergan davlat organlariga ham chora ko‘rilishi lozimligi ta’kidlangan edi.