O‘zbekiston hududida 2020-yil 24-mart soat 00:01 dan boshlab koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etiladi.

Unga ko‘ra, davlat idoralari va tashkilotlarida fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari vakillarini qabul qilish hamda ularga davlat va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish imkon qadar “onlayn” rejimiga o‘tkaziladi.

Fuqarolar tomonidan Internet jahon axborot tarmog‘i va telefon aloqasi uchun to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli ikki oy davomida o‘chirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Idoraviy bo‘ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlarning asosiy ish faoliyatiga ta’sir etmagan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xodimlarni mehnat ta’tiliga chiqarish, qolgan qismining mehnat faoliyatini maksimal darajada masofadan turib (“onlayn” rejimida yoki masofaviy tarzda) tashkil etish choralari ko‘riladi.