2020-yil 1-martdan Germaniyaning Myunxen shahrida tungi vaqtlarda taksi xizmatlaridan foydalangan xotin-qizlarning muayyan xarajatlarini kompensatsiya qiladigan vaucherlar joriy qilindi. Bu haqda shaharning rasmiy portalida xabar qilingan.
16 yoshdan har qanday xotin-qizlar (jumladan, xorijliklar) taksida yurishi uchun 5 yevrogacha masofaga vaucher olishi mumkin. Vaucher soat 22:00 dan tongi 06:00 ga qadar amal qiladi va undan uyga yoki mehmonxonaga yetib olishda foydalanish mumkin. Ushbu kuponlardan restoranlar va tungi klublarga borish uchun foydalanib bo‘lmaydi.
Tunda uyga yolg‘iz qaytayotgan xotin-qizlar har doim ham o‘zlarini xavfsizlikda his etavermaydi, ayniqsa, tunda odamlar kam yoki umuman bo‘lmaganda ular vahimaga tushadi. Hatto xavf darajasi past bo‘lgan odam ko‘proq yerlarda ham ayrim ayollarda qo‘rquv bo‘ladi. Taksi esa — zaif jins vakillarining uyga yetib olishidagi eng xavfsiz transport vositalaridan biri.
Vaucherlarni Myunxen shahar boshqarmasidan olish mumkin. Boshqarma bir nafar ayolga ko‘pi bilan uchta kupon bermoqda, bitta safar uchun bitta vaucherdan foydalaniladi.
Augsburger Allgemein ma’lumotlariga ko‘ra, loyihaga taxminan bir million yevro mablag‘ sarflangan. Dastur yarim yil davomida sinov tariqasida ishlaydi. Myunxen aholisi bir milliondan ko‘p bo‘lgan shaharlar orasida ushbu tizimni joriy etgan birinchi hududga aylangan.
Izoh (0)