Prezident qarori bilan O‘zbekistonda tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi kodlarining ro‘yxati tasdiqlanib, import bojxona boji stavkalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

Hujjatda qayd etilishicha, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi jarayonini jadallashtirish, import bojxona stavkalarini qo‘llash samaradorligini oshirish va shaffofligini ta’minlash uchun amaldagi bojxona tariflarini O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasiga (TIF TN) muvofiqlashtish maqsad qilingan.
Asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar etib quyidagilar belgilandi:
- Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasining kodlarini Jahon bojxona tashkiloti va JST qoidalari asosida yuritish;
- Import bojxona bojlari va Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi kodlarini yagona hujjat asosida tizimlashtirish.
2027-yildan Tovarlarni tavsiflash va kodlashning uyg‘unlashtirilgan tizimiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi hisobiga TIF TN boj tarifi bilan birgalikda yuritiladi.
Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyevning ma’lum qilishicha, TIF TNning 6 ta xonalik kodlari Jahon bojxona tashkiloti tomonidan har besh yilda ishlab chiqiladi hamda barcha davlatlar uchun majburiy hisoblanadi. MDHning yagona TIF TN kodlari to‘g‘risidagi kelishuviga asosan 9 ta xonalik TIF TN kodlari asosida milliy bozorda tovarlarning xususiyatidan kelib chiqib O‘zbekistonda 10 xonalik TIF TN joriy etildi.
Uning qayd etishicha, bojlarning turlicha qo‘llanishini bartaraf etish maqsadida TIF TNning 87 (avtotransport vositalari va ularning ehtiyot qismlari) guruhidagi podsubpozitsiyalar raqamlari o‘zgartirilib, ishlab chiqarilganiga 3 yilgacha bo‘lgan yangi avtomobillar uchun ikki xil import boji o‘rnatildi. Amalda bu bitta kodda tasniflanardi.
Yangi avtomobillarga (3 yilgacha bo‘lgan) 2 xil import boji o‘rnatilgan:
- ishlab chiqarilganiga 1 yilgacha bo‘lgan;
- ishlab chiqarilganiga 3 yilgacha bo‘lgan.
Vaholangki, ular bugungi kunda bitta kodda tasniflanadi — 8703 21 10.
Avtomobil ehtiyot qismlariga 2 xil import boji stavkasi o‘rnatilgan:
- yangisiga — 5 foiz;
- ilgari foydalanilganiga — 15 foiz.
Biroq ular ham bitta TIF TN kodda tasniflanadi. Ularning yangi yoki ishlatilgan ekanligini aniqlaydigan mezon esa aniq belgilanmagan. Shu sababli 3 oy muddatda avtotransport vositalarining ehtiyot va butlovchi qismlari yangi yoki avval foydalanishda bo‘lganligini aniqlovchi mezonlarni va tartibini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.
Izoh (0)