Eronda koronavirus bilan zararlanish bo‘yicha tasdiqlangan holatlar soni 2336 taga yetdi, bir kun oldin esa 1500 ta holat qayd etilgan edi. Bu haqda Eron sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Alirizo Raisiy ma’lum qildi, deb xabar beradi “RBK”.
Ma’lum qilinishicha, kasallik qurbonlari soni 77 kishiga yetgan. Avvalroq Eronning xotin-qizlar va oila masalalari bo‘yicha vitse-prezidenti Ma’suma Ebtekar va Eron sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Iraj Xarirchining koronavirus yuqtirib olgani ma’lum bo‘lgan edi. Hozirda ular davolanmoqda.
Bundan tashqari, Muvofiqlik Kengashining oliy a’zosi Muhammad Mirmuhammadiy va Eronning Vatikandagi sobiq elchisi Xadi Xisravshohiy koronavirusdan vafot etgan.
Mavzuga doir: Eronda parlamentning besh nafar deputati koronavirus infeksiyasini yuqtirib oldi. Bir deputat koronavirusdan vafot etdi
Eron epidemiya tarqalishi munosabati bilan yordam so‘rab Rossiyaga murojaat qilgani ma’lum bo‘ldi. Rossiyadagi Eron elchisi Kozim Jaloliyning so‘zlariga ko‘ra, Moskva tomonidan Tehronga gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Ba’zi Yevropa davlatlari — Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya virusga qarshi kurashda Eronni qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘ ajratgan.
Butun dunyo bo‘ylab koronavirusni yuqtirib olganlar soni esa 90 370 kishiga yetgan. Kasallikka chalinganlar soni bo‘yicha Xitoydan keyingi o‘rinlarda Janubiy Koreya (4335) ketmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lum qilishicha, dunyoning 64 davlatida koronavirus aniqlangan.