Fotoreportaj: Turkiya orqali Yevropaga yo‘l olgan qochoqlar
Fevral oyining oxirida Turkiya qochoqlar uchun Yevropa bilan chegarasini ochdi. Mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 29-fevral, shanba kuni, Yevropa Ittifoqini migratsiya inqiroziga chek qo‘yish bo‘yicha va’dalarni bajarmaganlikda aybladi.
“Biz anchadan buyon buncha miqdordagi qochoqlarni qabul qilishga majbur emasligimizni aytayotgandik. Siz bizga yordam va’da qilgandingiz, lekin hech nima qilmayapsiz va biz kecha chegaralarimizni ochdik”, — dedi Turkiya prezidenti.
Gretsiya chegarada nazoratni kuchaytirdi. Chegaralar ochilgan birinchi kunda grek rasmiylarining xabariga ko‘ra, politsiya 4 mingga yaqin suriyalik qochoqlarning mamlakatga kirib kelishini to‘xtatib qolgan.
Turkiya va Gretsiya chegarasida bir necha kundan beri qochoqlar va politsiyaning to‘qnashuvlari kuzatilmoqda. Gretsiya hukumati rasmiy vakili Stelios Petsas Turkiya bilan chegaradagi vaziyatni milliy xavfsizlikka tahdid deb baholadi.
Turkiya va Yevroittifoq 2016-yilda migratsiya inqirozining oldini olish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida kelishuvga erishgandi. Yevroittifoq moliyaviy yordam taklif etgan, Anqara esa Yevropaga o‘tib bo‘lgan barcha migrantlarni qayta qabul qilishga rozi bo‘lgandi.
Reuters’ning yozishicha, 2-mart, dushanba kuni, dengiz orqali Gretsiyaga ketayotgan qochoqlar qayig‘i ag‘darilib ketishi oqibatida bir bola halok bo‘ldi. U Turkiya chegarasini ochganidan keyin birinchi qurbon bo‘ldi.