Xitoydagi vaziyat
Xitoy Sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi mamlakatda o‘tgan bir sutka davomida yangi turdagi COVID-19 koronavirusi bilan kasallanish bo‘yicha yangi 125 ta holatni qayd etgan. Shunday qilib Xitoyda 2019-yilning dekabridan buyon koronavirus bilan kasallanganlar soni 80 151 kishiga yetgan. Xitoydan tashqarida 151 kishida kasallik aniqlangan: 100 nafari Gonkongda (bir kishi vafot etgan), 41 nafari Tayvanda (bir kishi o‘lgan) va o‘n kishi Makaoda.Virus oqibatida yana 31 kishi vafot etib, ularning barchasi virus o‘chog‘i hisoblangan Xubey provinsiyasidandir. Shu kungacha jami vafot etganlar soni 2943 kishini tashkil etmoqda.
So‘nggi bir sutka ichida 2742 kishi davolanishga muvaffaq bo‘lgan. Virusni yuqtirib olganlar bilan yaqin munosabatda bo‘lgan 40,6 ming odam tibbiyot xodimlari kuzatuvi ostida qolmoqda.
Xitoylik yolg‘iz hamshira koronavirusga qarshi kurashida mukofot sifatida mamlakat rahbariyatidan o‘ziga yigit topib berishni so‘ramoqda.
30 yoshli hamshira Tian Fangfang Xitoyning Uxan shahridagi koronavirusga chalinganlarni davolash uchun kasalxonaga vaqtinchalik ishlash uchun kelgan.
Mavzuga doir: Xitoylik hamshira koronavirusga qarshi kurashida mukofot sifatida davlatdan er topib berishni so‘radi
O‘zbekistondagi vaziyat
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda koronavirus tarqalgani haqidagi xabarlarni rad etdi: “Ushbu xabarlar mutlaqo yolg‘on bo‘lib, ayni paytga qadar respublikada koronavirus kasalligi umuman qayd etilmadi”, — deyiladi vazirlik xabarida.Janubiy Koreyadan charter reys bilan O‘zbekistonga olib kelingan fuqarolar kuniga 2 mahal tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Ular 14 kun muddat (kasallikning yashirin davri) davomida tibbiy kuzatuvga olish uchun maxsus tayyorlangan muassasalarga joylashtirilgan. “Ayni damda ular orasida koronavirus infeksiyasi kasalligi alomatlari aniqlanmagan”, — deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborotida.
Jahondagi vaziyat
Butun dunyo bo‘ylab koronavirusni yuqtirib olganlar soni esa 90 370 kishiga yetgan. Kasallikka chalinganlar soni bo‘yicha Xitoydan keyingi o‘rinlarda Janubiy Koreya (4335), Italiya (2036) va Eron (1501) ketmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lum qilishicha, dunyoning 64 davlatida koronavirus aniqlangan.Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda yangi turdagi koronavirus bilan kasallangan ilk bemor aniqlanganini ma’lum qildi. “Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, olingan tahlil natijalari Erondan Bahrayn orqali kelgan podshohlik fuqarosida koronavirus borligini tasdiqladi. Ushbu inson bilan aloqada bo‘lganlar ham tekshirilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Latviyada koronavirus bilan kasallanishning ilk holati qayd etildi. Bu haqda mamlakat yuqumli kasalliklar xavfini tahlil qilish va profilaktikasi departamenti direktori Yuriy Perevoshikovning so‘zlariga asoslanib, “RBK” xabar bergan.
Qayd etilishicha, latviyalik ayol virusni Italiyada yuqtirib olib, mamlakatga oilasi bilan Myunxen orqali uchib kelgan. Samolyotda 145 nafar yo‘lovchi bo‘lgan, ulardan 24 nafari kasallangan ayolga yaqin o‘tirgan. Qolgan yo‘lovchilar koronavirusni yuqtirgan ayol bilan aloqada bo‘lganlar sifatida ko‘rilmayapti.
Shuningdek, Marokashda ham koronavirus bilan kasallanishning ilk holati qayd etilgan. Ilk bemor Italiyada yashovchi Marokash fuqarosi bo‘lgan. Marokash Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, hozirda u Kasablankadagi shifoxonada davolanmoqda. Erkakning ahvoli og‘ir emas.
Tojikiston fuqarolik aviatsiyasi agentligi mahalliy va xorijiy aviakompaniyalarga o‘z samolyotlari bortiga 35 ta davlat fuqarolarini olmaslik haqida telegramma jo‘natdi. Qayd etilishicha, bu ogohlantirish koronavirus tarqalishining oldini olish va mamlakat fuqarolari salomatligi va xavfsizligini ta’minlash bilan asoslangan.
Mavzuga doir: Xitoyga yordam yuborgan O‘zbekiston, koronavirus davridagi hayot, Saida va Ivanka. Fevral oyining eng qiziqarli suratlari
Tehron koronavirusga qarshi kurashda Rossiyadan yordam so‘radi. Bu haqda Eronning Rossiyadagi elchisi Kozim Jaloliy ma’lum qilgan. Uning aytishicha, Eron nafaqat Rossiyadan, balki boshqa barcha mamlakatlar, shu jumladan, “hamfikr” davlatlardan gumanitar yordamni qabul qilishga tayyorligini bildirgan.
Avvalroq AQSh koronavirusga qarshi kurashda Eron hukumatiga yordam taklif qilgan, Tehron esa Vashingtonning bu yordamini rad etib, uni targ‘ibot ishi deb hisoblagandi. “Butun dunyo uchun epidemiyaga aylangan va ko‘plab davlatlarda tarqalgan koronavirusga qarshi kurashda keskinlik va xalqaro hamkorlik zarur, ko‘z-ko‘z qilinadigan harakatlar emas”, — degan o‘shanda Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Musaviy.
Ijtimoiy tarmoqlarda Moskvada 20 ming odam koronavirus bilan kasallangani haqida xabarlar tarqaldi. Kiberxavfsizlikka ixtisoslashgan Group-IB kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘idagi bot va messenjerlarda koronavirus haqida feyk xabarlar tarqalmoqda. Group-IB’ning taxminiga ko‘ra, mazkur hujum moskvaliklar orasida vahima keltirib chiqarish maqsadida amalga oshirilmoqda. Hozirda feyk axborotlarni tarqatishni buyurtma qilganlar va ijrochilar qidirilmoqda.
Avvalroq Moskvada koronavirus yuqtirib olgan bemor bilan muloqot qilgan 24 nafar odam karantinga olingani haqida xabar berilgandi.
Sportdagi vaziyat
Tokio mezbonligida o‘tadigan 2020-yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari koronavirus sabab yil oxirida o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda Tokiodagi Olimpiada va Paralimpiada ishlari bo‘yicha vazir Seyko Xasimoto ma’lum qildi. “Shartnoma bo‘yicha o‘yinlar 2020-yilda o‘tkazilishi lozim. Bu esa Olimpiada muddatini surishga imkon yaratadi”, — deydi Xasimoto.Avvalroq Tokio—2020 ijroqo‘mi vakillari va Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi 2020-yilgi o‘yinlar o‘z vaqtida o‘tishini ma’lum qilgandi.
Koronavirus sabab qoldirilgan “Yuventus”—“Inter” uchrashuvi 9-mart kuni bo‘lib o‘tadi. Buning oqibatida qolgan tur o‘yinlarida o‘zgarishlar kuzatilishi mumkin.
Xalqaro xokkey federatsiyasi (IIHF) koronavirus sabab beshta xalqaro musobaqani bekor qildi. Bu haqda tashkilot rasmiy saytida ma’lum qilindi.